Shu yilning avgust—oktyabr oylarida yurtimizda yana bir tashabbus — “Yosh eksportchilar” loyihasi tashkil etildi. Loyiha Yoshlar ishlari agentligi, O'zbekiston Yosh fermerlar kengashi, O'simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda eksportchilar uyushmasi tomonidan yoshlarning xalqaro savdo sohasiga yanada chuqur kirib borishlariga imkoniyat yaratish maqsadida yo'lga qo'yildi.
Dastlabki bosqichda xorijiy tillarni biladigan 600 nafar yosh tanlab olinib, 65 nafari saralandi va Toshkent viloyatidagi “Yoshlar oromgohi”da o'quv seminarlari tashkil etildi. Bu jarayonda yetakchi eksportchilar, xalqaro biznes mutaxassislari va davlat vakillari ishtirok etib, yoshlar uchun mahorat darslari o'tishdi. Bu darslar davomida ishtirokchilar xalqaro savdo, eksport jarayonlari va bojxona qoidalari haqida amaliy tajribalar o'rgandilar.
Loyihaning ikkinchi bosqichida hududiy dasturlar amalga oshirilib, Toshkent, Xorazm, Samarqand va boshqa viloyatlarda seminar va treninglar o'tkazildi. eksport faoliyatiga qiziqayotgan yoshlar va yangi tadbirkorlar o'quv mashg'ulotlariga jalb qilindi. Ayniqsa, Samarqand va Buxoro viloyatlarida bu sohaga katta qiziqish ko'rsatildi.
“Yosh eksportchilar” loyihasi bugungi kunda 10 ta viloyatda keng miqyosda tashkil etilib, jami 8 ming nafar yoshlar qatnashdi. Ishtirokchilar xalqaro savdo bo'yicha chuqur bilimlarga ega bo'lib, eksport va import bozorlariga kirish, bojxona talablari, logistika jarayonlarini boshqarish kabi murakkab vazifalarni samarali o'zlashtirishga muvaffaq bo'lishdi. Loyihaning amaliyot asosida berilgan bilimlari yoshlarning xalqaro bozor talablari bilan tanishishiga va kelajakda raqobatbardosh tadbirkor bo'lib etishishiga yordam beradi. Yosh tadbirkorlar uchun bu loyiha ularni xalqaro savdo maydoniga olib chiqishda, innovatsiyalarni joriy etishda va muvaffaqiyatli biznes operatsiyalarini boshqarishda muhim qadam bo'ldi.