Bu haqda ibby.org.uk sayti xabar berdi.
Mazkur mukofot bolalar adabiyoti sohasidagi eng yuqori xalqaro eʼtirof boʻlib, u har ikki yilda Yoshlar uchun kitoblar boʻyicha xalqaro kengash tomonidan yozuvchi va illyustratorlarga ularning umrbod ijodiy yutuqlari uchun taqdim etiladi.
2026-yilgi natijalarga koʻra, yozuvchilik yoʻnalishida Buyuk Britaniyalik Maykl Rozen, illyustratsiya yoʻnalishida esa Xitoylik Say Gao gʻolib deb topildi.
Hakamlar taʼkidlashicha, Maykl Rozen bolalar bilan samimiy, hazilomuz va chuqur mazmunli muloqot oʻrnata oladigan asarlari bilan ajralib turadi. Uning ijodi bolalar adabiyotida insonparvarlik, tarix, oila va shaxsiyat kabi mavzularni yoritishi bilan ahamiyatlidir.
Say Gao esa oʻzining noyob vizual uslubi, ranglar va kompozitsiya bilan ishlash mahorati, anʼana va zamonaviylikni uygʻunlashtirgan illyustratsiyalari bilan yuqori baholangan. Uning ishlari bolalarni tasavvur qilish va dunyoga boshqacha nigoh bilan qarashga undaydi.
Maʼlum qilinishicha, bu yilgi tanlovda 44 mamlakatdan 78 nafar nomzod ishtirok etgan. Har bir nomzodning ijodi badiiy va adabiy sifati, innovatsion yondashuvi, madaniy jihatlarni aks ettirishi hamda bolalar dunyoqarashini boyitish qobiliyati asosida baholangan.
Yoshlar uchun kitoblar boʻyicha xalqaro kengash 1953-yilda tashkil etilgan boʻlib, u bolalar va kitoblar oʻrtasidagi aloqani mustahkamlashga qaratilgan xalqaro nodavlat tashkilot hisoblanadi.
Mukofot esa bolalar adabiyoti sohasidagi eng nufuzli xalqaro mukofotlardan biri sifatida eʼtirof etiladi.