Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining yangilangan tuzilmasida 2021-yilning aprel oyidan boshlab 5 nafar xodimdan iborat Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazoratini amalga oshirish boshqarmasi ish boshladi.
Korrupsion holatlarga kurashni samarali tashkil etish maqsadida Maktabgacha taʼlim vazirining 2021-yil 12-iyuldagi 131 sonli buyrugʻiga asosan boʻlim nomi Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens nazoratini amalga oshirish boʻlimiga oʻzgartirildi hamda barcha hududiy maktabgacha taʼlim boshqarmalarida 1 shtatdan bosh mutaxassislar ajratildi.
Tizimda korrupsion holatlarni oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan Hamkorlik memorandumi imzolandi.
2022-yil mart oyida Xorazm viloyati Maktabgacha taʼlim boshqarmasi korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazoratini amalga oshirish boʻyicha bosh mutaxassisi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Xonqa tuman boʻlimi, Xorazm viloyati
Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida Xonqa tumanidagi 43-son davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti xodimi Urganch shahridagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining biriga ishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilib, taʼmagirlik yoʻli bilan 2 000 000 (ikki million) soʻm pullarni olayotgan vaqtida, daliliy ashyo bilan qoʻlga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi va 28, 211-moddasining 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
2022-yil aprel oyida Xorazm viloyati Maktabgacha taʼlim boshqarmasi korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazoratini amalga oshirish boʻyicha bosh mutaxassisi va Xorazm viloyati Davlat Xavfsizlik Xizmati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbir natijasida, Xorazm viloyati Maktabgacha taʼlim boshqarmasi masʼul xodimi oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbaridan xizmat mavqeidan foydalanib, har biridan 1 000 000 (bir million) soʻmdan pul mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritgani aniqlanib, Xorazm viloyati prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 25, 168-moddasi 3-qismi “b, v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Vazirlik korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazoratini amalga oshirish boshqarmasi va Toshkent shahar Uchtepa tumani prokuraturasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan oʻrganish natijasida Toshkent shahar Olmazor tumani Maktabgacha taʼlim boʻlimida 50,1 mln. soʻm byudjet mablagʻlarini rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgani aniqlanib, Oʻzbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 2-qismi “a, b, v, g” bandlari, 207-moddasi 1-qismi va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov xarakatlari davom ettirilib jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tumani sudiga yuborilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-sentyabrdagi PQ-3955-son Qarori talablariga zid ravishda 4 ta holatda Vazirlik ruxsatisiz davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti hududidagi yer uchastkalari berib yuborganligi holatlari aniqlanib, toʻplangan hujjatlar qonuniy chora koʻrish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdim etildi.