Bolalar bogʻchasi foydalanishga topshirildi

    Keyingi avlod 5 Oktabr 2020 2036

    Buxoro viloyatining Gazli shaharchasida 210 oʻrinli namunaviy loyihadagi bolalar bogʻchasi foydalanishga topshirildi.

    Qayd etish kerakki, bogʻchaning qurilishi – Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2019-yil 29-30-mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida belgilangan vazifalardan biri edi. Romitan tumani Gazli shaharchasi hududini obodonlashtirish doirasida maktabgacha taʼlim muassasasi uchun yangi bino qurish vazifasini “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyati amalga oshirdi.

    Oʻqituvchi va murabbiylarning asosiy vaqtlari taʼlim-tarbiya muassasalarida oʻtishini hisobga olib qurilgan zamonaviy binoda buning uchun barcha qulayliklar mavjud. Oʻzbek, tojik, qozoq, rus, tatar kabi oʻndan ortiq millatga mansub aholi istiqomat qiladigan shaharchada ishga tushgan namunaviy loyihadagi bolalar bogʻchasi shaharcha chiroyini yana-da ochdi.

    Bosh pudratchi “Buxorogazsanoatqurilish” ishchi xodimlari va texnikalari yordamida “Oʻztransgaz” ning 12 milliard soʻm mablagʻi evaziga bunyod etilgan yangi inshoot – shaharchadagi koʻp millatli aholi farzandlarining quvonchu-shodliklariga guvoh boʻlishi, shubhasiz.

    Bu qurilish jamiyatning ijtimoiy loyihalar bunyodkorligi yoʻlida olib borilayotgan ishlarning bir misolidir.