“Bolalar bogʻchasi” maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimini takomillashtirish loyihasining tajriba-sinov qismiga start berildi

    Ta'lim 5 Oktabr 2021 2675

    Toshkent shahri Bektemir tumanidagi 577-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin va Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining maslahatchisi IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi Olimjon Umarov oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda 2022-yil 1-yanvarga qadar davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida xodimlarni ishga joylashtirish, bolalarni qabul qilish, sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etishni real vaqt rejimida monitoring qilish imkonini beradigan hamda ushbu jarayonlar ochiqligi va shaffofligini taʼminlaydigan elektron maʼlumotlar bazasini shakllantirish yuzasidan belgilangan masalalarni muhokama qildi.

    Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlari va tarbiyalanuvchilarini zamonaviy hisobga oladigan “Bolalar bogʻchasi” maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimini takomillashtirish loyihasi ishlab chiqildi va taqdimot etildi.

    “Bolalar bogʻchasi” maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimini takomillashtirish loyihasi 2021-yil 1-dekabrdan boshlab Toshkent shahrining Bektemir tumanida tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.

    “Bolalar bogʻchasi” maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimini takomillashtirish loyihasi quyidagi imkoniyatlarga ega:

    - Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari shtatlar jadvalini shakllantirish va xodimlarning ish vaqtini, shuningdek, tarbiyalanuvchilarning kelib ketishini hisobga olish bilan bogʻliq jarayonlarni zamonaviy raqamli texnologiyalar va idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllagan holda avtomatlashtirish;

    - maktabgacha taʼlim tizimi xodimlari va tarbiyalanuvchilarining yagona bazasini shakllantirish;

    - maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlarining ish vaqti va tarbiyalanuvchilar davomatini real vaqt rejimida monitoringini taʼminlash;

    - maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi oziq-ovqat xarajatlarini avtomatik hisobga olish;

    - tahlil oʻtkazish va lavozimlar boʻyicha kadrlar yetishmovchiligini aniqlash maqsadida maktabgacha taʼlim tashkilotlarining kadrlar salohiyati haqidagi maʼlumotlarni yigʻish va tahlil qilish;

    - maktabgacha taʼlim tashkilotlarining dastlabki maʼlumotlari (quvvati, hududi, bino va inshootlar maydoni va boshq.) asosida shtatlar jadvalini avtomatik ravishda shakllantirish;

    - maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bola taʼminoti uchun ota-onalar toʻlovini hisobga olishni joriy etish, maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarining ota-onalari (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar)ga ota-onalar toʻlovi boʻyicha qarzdorlik (oldindan toʻlov) mavjudligi haqida onlayn-toʻlov billing tizimini qoʻllagan holda har oyda avtomatik SMS-xabarnoma joʻnatilishi kabi funksiyalarni bajaradi.

    Toshkent shahri Bektemir tumanida olib borilgan tajriba-sinov natijalaridan kelib chiqqan holda Maktabgacha taʼlim vazirligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda 2022-yil 1-iyuniga qadar takomillashtirilgan “Bolalar bogʻchasi” loyihasini respublikaning barcha hududlaridagi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida joriy etish va loyiha doirasida Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan kelishilgan holda tasdiqlangan standart taomnoma asosida bolalarni ovqatlantirishga moʻljallangan “Yagona mavsumiy taomnoma” joriy etish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati.

    Shuni taʼkidlash joizki “Bolalar bogʻchasi” loyihasining davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida joriy etilishi korrupsion holatlarning bartaraf etilishida zamin boʻladi.