Qiymati 130 million dollardan ziyod boʻlgan mazkur tibbiyot markazi Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) ishtirokida barpo etildi. Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev shu yilning 20-may kuni qurilishi yakunlangan milliy markazga tashrif buyurib, tegishli taklif va tavsiyalarini berib oʻtgan edi.

Bugun Bolalar milliy tibbiyot markazining rasman ish faoliyati boshlangani munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda soʻzga chiqqanlar ushbu tibbiyot markazining ahamiyatini yana bir bor taʼkidladilar. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Musayev, Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov, Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kan Chje Kvon va koreyalik mehmonlar, shuningdek, tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.

Koreya Respublikasi tibbiyotining dunyoda oʻz oʻrniga ega. Koʻplab mamlakatlardan u yerga yordam olish uchun borayotganlarning salmogʻi ham bunga isbot boʻla oladi. Koreya bilan hamkorlikda qurilgan, yuqori texnologiyalar aosida xizmat koʻrsatuvchi bu markazni Markaziy Osiyoda yagona bolalar tibbiyot muassasasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Bu yerda kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, ortopediya va plastik xirurgiya, umumiy xirurgiya, onkologiya, oftalmologiya, LOR, pediatriya, gemodializ va reanimatsiya boʻlimlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Toʻrt qavatli davolash korpusi 280 oʻringa ega, markaz tarkibidagi poliklinika kuniga 250 nafargacha bemor qabul qilish imkoniyatiga ega. Markaz magnit rezonansli tomografiya, multispiral kompyuter tomografiya, zamonaviy laboratoriya hamda onkologik kasalliklarni bir necha yil oldin aniqlaydigan zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlangan. Tibbiyot muassasasida yiliga 1500 dan koʻproq murakkab va noyob amaliyotlarini bajarish imkoniyati mavjud.

Eʼtiborli jihati, tibbiyot markazining qurilishi va jihozlanishi bilan bir qatorda, markazda ishlaydigan kadrlar malakasini oshirish boʻyicha ham qoʻshma loyihalar amalga oshirildi. Jumladan, bu yerda faoliyat yuritish uchun 100 nafardan ortiq vrach va hamshiralar, medtexnik va axborot texnologiyalari boʻyicha mutaxassislar Koreya Respublikasida malaka oshirib qaytdi.

Markazda bolalar tibbiyotining turli yoʻnalishlari boʻyicha innovatsion izlanishlar olib borish, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda murakkab jarrohlik amaliyotlari va yuqori texnologik muolajalarni tashkil etish, tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirib borish koʻzda tutilgan. Shuningdek, telemeditsina orqali uzoq hududlardagi bolalarga ham yordam koʻrsatiladi.

Ushbu markaz hududida Koreya bilan hamkorlikda yuqori texnologiyaga asoslangan zamonaviy onkologiya tibbiyot markazi va tibbiyot oliy oʻquv yurti bunyod etilishi rejalashtirilgan. Bu bilan yirik tibbiyot kopleksi tashkil etilib, shu orqali tibbiyot tizimining ham ilmini, ham amaliyotini eng ilgʻor standartlar darajasiga koʻtarish koʻzlanmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.