Toshkent viloyati Angren shahrida jinoyatdan jabrlangan voyaga yetmagan qizning huquqlari taʼminlanishi holati joyiga chiqqan ravishda oʻrganilmoqda, deya xabar berdi Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova idorasi.
Dastlab ombudsman Angren shahar Bolalar shifoxonasiga borib, u yerda davolanayotgan bolaning umumiy holati va davolash jarayoni bilan tanishdi. Tibbiy hujjatlar asosida boladagi kasalliklar – oʻtkir artrit, ikki tomonlama bronxopnevmoniya, oqsil-energetik yetishmovchilik, ogʻir anemiya va sepsisga qarshi zarur choralar koʻrilayotgani maʼlum qilindi.
Ombudsman S.Y. bilan shaxsan suhbatlashib, uning fikr va his-tuygʻularini tingladi. Shifokorlar qayd etishicha, boladagi kasalliklar xronik xarakterga ega boʻlib, ular jinoyat oqibatida yuzaga kelmagan.
Avval xabar qilinganidek, S.Y.ga nisbatan sodir etilgan jinoyat yuzasidan 2025-yil 9-aprel kuni jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bolalar ombudsmani oʻz vakolati doirasida tergov jarayonini kuzatib bormoqda. Jumladan, tergov harakatlari chogʻida bolaning ortiqcha stress va ruhiy jarohat olmasligi, professional pedagog va psixolog ishtirokini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi masʼullari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda bolaga va uning oilasiga koʻrsatilayotgan ijtimoiy va psixologik yordam boʻyicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi. Maʼlum qilinishicha, markaz tomonidan bola va oilasi bilan tizimli reabilitatsiya ishlari olib borilmoqda.
Mutasaddi organlar ishni nazoratga olgan boʻlib, fuqarolardan faqat rasmiy manbalarga tayanish soʻralmoqda. Haqiqatga zid va asossiz maʼlumotlarni tarqatish bola manfaatlariga zarar yetkazishi mumkinligi alohida qayd etilgan.








