Bolalar ombudsmani “ayovsiz kaltaklangan oʻquvchi“ voqeasini nazoratga oldi

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Oqqoʻrgʻon tumanida maktab oʻquvchisi informatika oʻqituvchisi tomonidan ayovsiz kaltaklangani aytilmoqda” sarlavhasi ostida video tarqaldi.

    Holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingani maʼlum qilindi.

    Aniqlanishicha, 2024-yil 9-oktyabr kuni Oqqoʻrgʻon tumanida joylashgan 6-umumtaʼlim maktabining informatika fani oʻqituvchisi M.A (1990-yilda tugʻilgan erkak) mazkur fandan qoʻshimcha dars oʻtayotgan vaqtida 9-sinf oʻquvchisi voyaga yetmagan О.S (2009-yilda tugʻilgan oʻgʻil bola) dars jarayonida oʻqituvchini goʻyoki chalgʻitgani tufayli oʻqituvchi oʻquvchi О.S.ni haqorat qilib, urib doʻpposlagan.

    Hozirda ushbu holat yuzasidan Oqqoʻrgʻon tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Voyaga yetmagan О.S ga nisbatan jarohat darajasini aniqlash boʻyicha sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

    Bu borada qoʻshimcha maʼlumot beriladi.

    Viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi esa oʻqituvchi intizomiy jazoga tortilganini maʼlum qildi.

    Oʻrganishlar natijasida maʼlum boʻlishicha, oʻquvchi O.S, dars vaqtida oʻqituvchiga nisbatan hurmatsizlik koʻrsatgani, oʻquvchilarga darsni oʻzlashtirishda xalaqit berganligi sababli, oʻqituvchi M.A tomonidan bir necha bor ogohlantirilgan. Shunga qaramay O.S turli koʻrakda turmaydigan soʻzlar bilan oʻqituvchini haqorat qilgan.

    Natijada oʻqituvchi M.A dars tugagach oʻquvchini jazolamoqchi boʻlgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuzaga kelgan.

    Holatni shu kunning oʻzida maktab maʼmuriyati nazoratga olgan, oʻqituvchining xatti-harakatini qoralab, unga nisbatan intizomiy jazo qoʻllanilgan. Oʻquvchining ota-onasi ham maktabga chaqirtirilgan, ogohlantirilgan.

    Shu oʻrinda yana bir maʼlumot, oʻquvchi O.S. sentyabr oyida ham maktabda tartibsizlik qilgani sababli uning ota-onasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasida belgilangan tartibda javobgarlikka tortilgan.

    Ayni paytda, oʻquvchi maktabning ichki nazoratiga olingan oʻquvchilar roʻyxatida turadi.