Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) instituti taʼsis etildi;
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻrinbosari – Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimi tugatildi.
Bolalar ombudsmani:
oʻz vakolatlarini mustaqil amalga oshiradi, faoliyatida Oliy Majlis palatalariga hisobdordir;
Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan besh yil muddatga saylanadi.
Bolalar ombudsmani lavozimiga nomzod Oliy Majlis palatalari koʻrib chiqishi uchun Prezident tomonidan kiritiladi.
Farmonga koʻra, Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya etib qayta tashkil qilindi.
Shuningdek, 2021-yil 1-sentyabrdan quyidagilar tashkil etiladi:
➖ Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari kotibiyati tarkibida Bolalarni himoya qilish masalalari shoʻbasi;
➖ Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyati;
➖ tuman (shahar) hokimliklarida bolalarni himoya qilish shoʻbalari.
Vazirlar Mahkamasi shoʻbasi va Vazirlar Mahkamasi kotibiyatining hududiy tuzilmalariga ishga birinchi navbatda “psixologiya”, “yurisprudensiya” va “ijtimoiy ish” sohalari boʻyicha oliy maʼlumotga ega fuqarolar qabul qilinadi.