Mazkur qonun loyihasida Bolalar ombudsmani faoliyati samarali tashkil etilishiga xizmat qiladigan qoidalar oʻz aksini topgan.
Xususan, parlament majlislarida Bolalar ombudsmani maʼruzasi har yili eshitilishi koʻzda tutilmoqda. Bu vakolat orqali Bolalar ombudsmani bola huquqlarini himoya qilish sohasida eʼtibor qaratilishi zarur boʻlgan dolzarb muammolarni parlament maydoniga olib chiqadi va ularning yechimi boʻyicha takliflar beradi.
Bolalar ombudsmaniga mansabdor shaxslarga qonunchilik buzilishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida ogohlantirish va taqdimnomalar kiritish huquqi berilmoqda. Bunday huquq Bolalar ombudsmani faoliyati taʼsirchanligini oshiradi. Xususan, bu bola manfaatlarini buzilishiga yoʻl qoʻygan har qanday mansabdorga tegishli chora koʻrilishiga erishish imkonini yaratadi.
Bolalar ombudsmanining Oliy Majlis, Konstitusiyaviy sud, Oliy sud, Vazirlar Mahkamasi majlislarida ishtirok etish va masalalar kiritish huquqi mustahkamlanmoqda. Mazkur huquq orqali Bolalar ombudsmani parlamentda, ijro organlarida va sudlarda bola huquqlarini maxsus himoya qiladi, mazkur organlar eʼtiborini aynan bola manfaati ustunligiga qaratadi.
Loyihaga koʻra surishtiruv, tergov organlari va sud voyaga yetmaganlarning hayoti, sogʻligʻi yoki jinsiy erkinligiga qarshi jinoyatlarga oid qabul qilgan qaror, hukm (ajrim)lari toʻgʻrisida Bolalar ombudsmanini yozma ravishda xabardor qilishi shart. Bunday xabardorlik natijasida bolalarga qarshi jinoyat faktlari yashirilishi, bunday ishlarning qonunga zid ravishda tugatilishi, tergov qilinmasligi yoki sudda koʻrilmasligi oldi olinadi.
Shu bilan birga, qonun bilan Bolalar ombudsmaniga:
– voyaga yetmagan shaxs ishtirok etgan jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish va ulardan koʻchirma nusxalar olish;
–bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish hamda tiklash maqsadida sud jarayonlarida ishtirok etish;
–hukm bilan tanishib, bola manfaatidan kelib chiqib, prokuraturaga hukm ustidan protest bildirish haqida murojaat qilish kabi huquqlar berilmoqda.