Texnik reglament bolalar oʻyinchoqlari xavfsizligi, bolalar va ularga qarovchi shaxslarning hayotini muhofaza qilish maqsadida ishlab chiqilgan boʻlib bolalar oʻyinchoqlarini xavfsiz ishlab chiqarish hamda sotish talablarini belgilaydi.
Texnik reglamentga muvofiq yongʻin xavfsizligi, kimyoviy xavfsizlik, toksikologik-gigiyenik xavfsizlik, elektr xavfsizlik, radiatsion xavfsizlik, mikrobiologik xavfsizlik, qadoqlashga oid xavfsizlik, tamgʻalashga oid xavfsizlik va boshqa xavfsizlik talablari belgilangan boʻlib jumladan:
- bolalar oʻyinchogʻining tarkibida portlash xususiyatiga ega boʻlgan moddalar va materiallardan iborat boʻlmasligi;
- elektr oʻyinchoqlarda, shuningdek, ularning tarkibiy qismining birortasida ham nominal kuchlanishi 24 V dan oshmasligi kerakligi;
- oʻyinchoqlarga ikkilamchi xomashyolar, yaʼni boshqa maqsadlarda ishlatilgan va qayta ishlash natijasida olingan xomashyolarni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmasligi;
- oʻyinchoqlar maʼnaviy-axloqiy, psixologik xavfsizlikni taʼminlashi hamda “ommaviy madaniyat”ni targʻib etmasligi;
- oʻyinchoq tamgʻasida belgilangan tartibda berilgan muvofiqlik sertifikati bilan tasdiqlangan milliy muvofiqlik belgisi boʻlishi;
- uch yoshgacha boʻlgan bolalar uchun moʻljallanmagan oʻyinchoqlarga yosh guruhi koʻrsatilgan, taqiqlovchi shartli grafik belgi qoʻyilgan boʻlishi shartligi koʻrsatib oʻtilgan.
Bundan tashqari oʻyinchoqlarda:
- foydalanuvchiga kuyish xavfini keltirib chiqaruvchi tarkibida qizdirish elementi mavjud boʻlgan oʻyinchoqlarni ishlab chiqarish taqiqlanadi;
- lazerli nurlanish tizimining har qanday turidan foydalanish taqiqlanadi;
- oziq-ovqat mahsulotlarida va (yoki) oziq-ovqat mahsulotlari bilan chakana savdoga chiqarilgan bolalar oʻyinchoqlari oʻzlarining alohida qadoqlariga ega boʻlishi talab etiladi;
Mazkur reglament rasman eʼlon qilingan kundan boshlab 12 oy oʻtgandan keyin amalga kiritiladi.