Bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratuvchi yuridik shaxslar foyda soligʻidan ozod qilinadi

    “Bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar yaratish va ularni ommalashtirishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Prezident qarori (PQ-183, 15.05.2025-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, respublikada bolalar uchun moʻljallangan milliy kontentlar ishlab chiqarish hamda ularni ommalashtirishning ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi.

    Jumladan:

    • bolalarda sogʻlom turmush tarzi koʻnikmasi, tabiatni asrab-avaylash, milliy qadriyatlarga hurmat va ona Vatanga sadoqat hissini tarbiyalashga xizmat qiluvchi kontentlar yaratish;
    • bolalar uchun xavfsiz axborot muhitini yaratish;
    • ota-onalar va bolalarni internet tarmogʻidagi axborotlarni toʻgʻri baholashga hamda xavfli kontentlarni aniqlashga yoʻnaltiruvchi mexanizmlarni ishlab chiqish.

    Qarorga asosan, bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratishdan olgan daromadi jami yillik daromadining kamida 80 foizini tashkil etgan yuridik shaxslar 2025-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvarga qadar:

    • foyda soligʻi toʻlashdan ozod qilinadi;
    • ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida toʻlaydi;
    • yuridik shaxslarga bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarini foyda soligʻini hisoblashda chegirib tashlash huquqi beriladi.

    Bolalar uchun moʻljallangan kontentlar yaratish yoʻnalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida har yili “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan jahondagi yetakchi oliy taʼlim tashkilotlarida bakalavriat dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash uchun 5 ta kvota ajratiladi.