Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoʻshkoʻpir tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, tumandagi Bolalar va oʻsmirlar sport maktabida amalga oshirilgan joriy taʼmirlash ishlari boʻyicha oʻtkazilgan nazorat oʻlchovida, “A.Gʻ.” xususiy korxona va maktab mansabdor shaxslari hisob-fakturalarga amalda bajarilmagan ishlarni qoʻshib yozish orqali 396,2 mln soʻm byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.