Toshkentda "Bolalar va yoshlar harakatda — Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi" xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi

    Forumda Oʻzbekistonning birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, Turkiya Respublikasining birinchi xonimi Emine Erdogʻan, Eron Islom Respublikasi Prezidentining rafiqasi Jamile Aʼlamulxudo, Qirgʻiz Respublikasining birinchi xonimi Aygul Japarova, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, yosh ekofaollar ishtirok etdi.

    Forum ochilishida "Zamin" fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva yosh ekofaollarga murojaat qilar ekan, shunday dedi:

    “Forumning bosh ishtirokchilari — sizlar. Bugun bu yerda sizlarning toza, sog‘lom va barqaror muhit uchun kurashdagi yetakchiligingizni e’tirof etish maqsadida yig‘ildik. Qo‘shnilarimiz bilan birgalikda Samarqand ekologik oromgohi yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda yoshlar va bolalarni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha mintaqaviy strategiyaning imzolanishi yangi kelajak sari tashlangan muhim qadam bo‘ladi”.

    Uzluksiz "yashil" ta’lim va ekologik madaniyatni shakllantirish orqali yoshlar salohiyatini mustahkamlash masalasi YUNEP ijrochi direktori Inger Andersen so‘zining muhim mavzusi bo‘ldi:
    “Ekologik ta’lim ulkan ahamiyatga ega. U kelajak avlodlarga shunchaki norozilik vakillari bo‘lish emas, balki o‘zgarishlarning drayveriga aylanish uchun zarur ko‘nikma va bilimlarni beradi. Niyatimiz — keyingi avlodlar sayyora bilan uyg‘un hayot kechirishning yangi va yaxshiroq usullarini orzu qiladigan dadil hukumat yetakchilari, olim va novatorlar bo‘lsin”.

    YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominitsis shunday dedi: «Iqlim o‘zgarishi va ekologik ta’lim masalalarining maktab dasturlariga kiritilishi bolalar va yoshlarning o‘zgarib borayotgan iqlimga moslashish ko‘nikmalaridan xabardorligini oshirishda muhim qadamdir».

    Forum ishtirokchilari ekota’lim mavzusini muhokama qilar ekanlar, o‘quv jarayonida yangi axborot texnologiyalaridan foydalanish muhim ekanini qayd etdi. Markaziy Osiyo ekofaollari iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha siyosat va dasturlarni ishlab chiqishda, ko‘rilayotgan choralarni monitoring qilish va ularning borishini baholashda bolalarning ham ishtirok etish huquqi borligini alohida ta’kidladilar.