Unda mamlakatimiz parlamentlari aʼzolari, Parlamentlararo ittifoq, Yevropa parlamenti, Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi (PACE), MDH Parlamentlararo Assambleyasi, yoshlar parlamentlari deputatlari, bola huquqlarini himoya qilish boʻyicha ekspertlar ishtirok etdi.

UNISEFning parlament aʼzolari bilan hamkorligi va sherikligini kengaytirish hamda tizimlashtirish, shuningdek, qonun ishlab chiquvchilar eʼtiborini bolalar va yoshlarning dolzarb ehtiyojlariga qaratish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbir Yevropa va Markaziy Osiyodagi bolalar va yoshlar manfaatlari uchun koʻzlangan maqsadlarga erishish yoʻlida tajriba va bilim almashish maydoniga aylandi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva ishtirok etdi va soʻzga chiqdi.

Taʼkidlanganidek, COVID-19 pandemiyasi sharoitida mintaqaviy maslahatlashuv dolzarb ahamiyatga ega.

Oʻzbekiston parlamenti yuqori palatasi rahbari ishtirokchilarga Oʻzbekistonda yoshlar va bolalar huquq hamda manfaatlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Xususan, Oʻzbekistonda 30 yoshgacha boʻlgan deputatlar ulushi 6 foizdan ortiq ekani taʼkidlandi. Yoshlar parlamenti aʼzolari Senat aʼzolariga biriktirilgan, mahalliy Kengashlarda Yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etildi. Senat qarori bilan hududlarda yoshlarga oid davlat siyosati amalga oshirilishini baholashning reyting tizimi joriy etildi.

Taʼlim muassasalarini rivojlantirish, qonunchilik bazasini takomillashtirish, yetim bolalar va bolalarni uy-joy bilan taʼminlash, ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalar uchun “Mehr” operatsiyalarini tashkil etish, shuningdek, majburiy va bolalar mehnatining barcha shakllariga barham berish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilayotgani taʼkidlandi.

Bundan tashqari, UNISEF bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Mehribonlik uylari”ni deinstitutsionalizatsiya qilish, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalarni oilalarga va oilaviy sharoitlarga yaqin boʻlgan muassasalarga joylashtirish boʻyicha ishlar Senatning doimiy nazorati ostida boʻladi.

Kengashda Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi B.Sayfullayev ham soʻzga chiqdi.

Qayd etilishicha, Senat Raisi T.Narbayeva rahbarligida bir qancha milliy komissiyalar faoliyat koʻrsatmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsadlar va vazifalarning 2030-yilgacha boʻlgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish boʻyicha Parlament komissiyasi hamda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining faoliyati bevosita majlisda muhokama qilingan masalalarga taalluqli.

Bugungi kunda parlament aʼzolari hududlarga chiqib, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonun ijrosini oʻrganmoqda.

Yalpi majlislarda parlament nazorati, bolalar manfaatlari yoʻlida davlat tomonidan moliyalashtirish, parlamentlarning bolalar va yoshlar bilan oʻzaro hamkorligi, inson huquqlarini himoya qilish, inklyuzivlik, muvofiqlashtirish, hamkorlik va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.