COVID-19dan tuzalgan ba'zi odamlarda uzoq muddatli asoratlar kuzatilishi ma'lum. Qayta tiklanganidan keyin bir necha hafta yoki hatto oylar davomida ular charchoq, nafas qisilishi, uyqu, xotira va diqqatni jamlash bilan bog'liq muammolarda davom etadi.
Nemis olimlari Germaniyadagi bir qator tibbiy sug'urta kompaniyalarining 2019-yil yanvaridan 2020-yilning dekabrigacha bo'lgan davrdagi standart tibbiy ma'lumotlarini yagona ma'lumotlar bazasiga birlashtirdi. Jami 38 million kishi haqida ma'lumotlar qayta ishlandi, bu mamlakat aholisining 45 foizini tashkil qiladi. Ulardan 2020-yil 30-iyunga qadar COVID-19 tashxisi qo'yilgan 157 ming kishi — 145 184 nafar kattalar va 11 950 nafari 17 yoshgacha bo'lgan bolalar va o'smirlar tanlab olindi. Ikkala guruhda ham tashxisdan keyin uch oy davomida shikoyatlar davom etgani aniqlandi.
Tibbiy statistika ma'lumotlariga ko'ra, kattalarda COVID-19 bilan kasallanish bolalar va o'smirlarga qaraganda 162 foizga ko'p bo'lishiga qaramay belgilar orasidagi farq unchalik katta emas.
Kattalarda alomatlar birinchi navbatda nafas etishmovchiligi, soch to'kilishi, umumiy kayfiyat yomonligi, ta'm bilish sezgisining yo'qolishi va bosh og'rig'i sifatida namoyon bo'lgan bo'lsa, bolalarda doimiy charchoq, bezovtalik va tushkunlik, bosh va qorin og'rig'i ko'proq kuzatildi.
Ta'kidlanishicha, kattalar bilan solishtirganda kasallikni engil va alomatsiz o'tkazgan bolalarda ruhiy salomatlik bilan bog'liq muammolar ko'proq yuzaga kelgan. Bu esa shifokor va psixologlar uchun koronavirus infeksiyasiga chalingan bolalar bilan ishlash bo'yicha maxsus tavsiyalar ishlab chiqish zarurligini ko'rsatadi.
“Bizning natijalarimiz profilaktika choralari zarurligi, shuningdek, bolalar va o'smirlar uchun emlashning xavf-xatarlari va foydali jihatlari haqidagi so'nggi muhokamalarga qo'shimcha ma'lumot beradi”, deb yozadi maqola mualliflari.