Hozir bu dardga chalinganlar orasida yosh bolalar, hatto, chaqaloqlar ham ko'p.
— Bolalarda qandli diabetning asosan 1-turi uchramoqda, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bolalar endokrinologiyasi bo'limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi SHahnoza Azimova. — Organizmda insulin etishmovchiligi hisobiga bemorlarda tez-tez peshobga chiqish, suyuqlikni ko'p miqdorda ichish, holsizlik, ozib ketish kabi ilk belgilar kuzatiladi. Qandli diabetning 1-turini davolash parhez saqlash, jismoniy harakatlar va insulinoterapiyadan iboratdir.
Mutaxassisdan qandli diabetning nasldan-naslga o'tishi haqida so'raymiz.
— Qandli diabetning 1-turi nasldan-naslga o'tadi, — deydi shifokor. — Agar qat'iy parhezga amal qilinib, jismoniy faollik ta'minlansa va bolaning doimiy holati nazorat qilib borilsa, kasallik alomatlarining oldi olingan bo'ladi.
Agar aksi bo'lsa, ko'z, buyrak faoliyatida buzilish kuzatiladi. Mayda va katta qon tomirlaridagi asoratlar bilan birga, bo'y o'smasligi va jinsiy rivojlanishning orqada qolish holatlari ro'y beradi. Ushbu belgilar qandli diabetning kechki asoratlaridan hisoblanadi.
Shu bois, farzandiga qandli diabet 1-tur tashxisi qo'yilgan ota-onalar dastlab o'g'il-qizlarining maxsus maktablar, ya'ni diabet: o'z-o'zini nazorat qilish maktablarida ta'lim olishlariga sharoit yaratishi shart. Bunday maktablar har bir viloyat endokrin dispanserlari qoshida ochilgan.
Diabetik bolalar o'z-o'zini nazorat qilishi, gipoglikemiya va ketoatsedozga shubha qilinganda qondagi glyukozani aniqlashni bilishi kerak.
Shahnoza Azimovaning ta'kidlashicha, oqsil, yog', uglevod, vitamin va mikroelementlar kundalik ratsionga kiritiladi. Uglevodlarni iste'mol qilishda ularning glikemik indeksiga e'tibor beriladi.
Glikemik indeksi past bo'lgan mahsulotlar, masalan, dukkaklilar, suli, sabzavotlar qondagi qand miqdorini sekin ko'taradi. Diabet bilan og'rigan bolalar kun davomida 5-6 mahal ovqatlanishi, jumladan, 3 mahal asosiy taomlanish va oraliq vaqtda qo'shimcha ovqatlanish tavsiya etiladi.
Parhezga rioya qilinganda qondagi qand miqdorining keskin ortishi va shu bilan birga, qandning turli a'zo va to'qimalarga nojo'ya ta'siri oldi olinadi, qabul qilinayotgan insulin dozasini korrektsiyalash oson bo'ladi. Shuning uchun bolalar va ularning ota-onalari iste'mol qilinayotgan uglevodlarni hisoblashni bilishlari lozim.
Sog'liqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati.