Muhokama jarayonida taʼkidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularni har qanday zoʻravonlik shakllaridan himoya qilish hamda bolalar uchun xavfsiz taʼlim muhitini yaratishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda taʼlim tashkilotlarida tarbiya va taʼlim berish jarayonida voyaga yetmagan bolalarga nisbatan jismoniy zoʻravonlik sodir etganlik, shuningdek ularni tahqirlaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.

Bundan tashqari, pedagogik faoliyatni amalga oshirish jarayonida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zoʻravonlikka oid huquqbuzarlik sodir etganligi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan bir yil muddat davomida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, davlat yoki nodavlat muassasasining toʻliq taʼminotida boʻlgan bola uchun ota yoki onani aliment toʻlashdan ozod qilishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar oilaga tarbiyaga faqat ularning qarindoshlariga berilishi qoidasi joriy etilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, taʼlim muassasalarida ularning

qadr-qimmati va daxlsizligini taʼminlash boʻyicha huquqiy kafolatlarni mustahkamlashga zamin yaratadi.

Muhokama soʻnggida senatorlar Qonunni maʼqulladi.