Ushbu maqsadga erishish uchun bolaning hiimoya tizimini shakllantirish, jismoniy va aqliy rivojlanish uygʻunligini taʼminlash zarur. Bu esa, birinchi navbatda, toʻgʻri hamda ratsional ovqatlanish orqali amalga oshadi. Koʻkrak suti goʻdaklar uchun eng foydali ozuqa ekani allaqachon oʻz ilmiy isbotini topgan. Shu bois, bola hayotining dastlabki 6 oyi davomida faqat koʻkrak suti bilan oziqlantirilishi kerak. Chunki uning tarkibida oʻrnini boshqa moddalar bosa olmaydigan toʻyinmagan yogʻ kislotalari, immunitetni kuchaytiruvchi va biologik faol moddalar, sut oqsillari va oson soʻriladigan temir moddasi mavjud. Koʻkrak sutining noyobligi shundaki, u nafaqat bolaning yaxshi oʻsishi, qolaversa, tafakkuri va aqliy qobiliyati rivojlanishiga bebaho hissa qoʻshadi.

Lekin 6 oydan soʻng bolaning rivojlanishidagi talablarni faqat koʻkrak suti bilan qondirib boʻlmaydi. Aynan shu davr bola hayotida eng masʼuliyatli bosqich ekanini alohida taʼkidlash lozim. Goʻdak olti oyga toʻlganidan soʻng unda gipovitaminozning barcha turlari — temir moddasi, yod, A vitamini va boshqa mikronutriyentlar tanqisligi rivojlana borib, ushbu patologiya uni keyinchalik butun umr bezovta qiladi.

Masalan, temir moddasi taqchilligi — kamqonlik, A vitamini yetishmasligi immunitet pasayishi, oʻsishdan toʻxtab qolishi va koʻrish qobiliyati yomonlashuviga sabab boʻladi. Kamqonlikka chalingan bolalar fanlarni oʻzlashtirishda orqada qoladi. Ovqat tarkibida yod yetishmasligi bolaning aqliy va bilish qobiliyatini pasaytiradi.

Oziq-ovqatlarning mikronutriyentlar bilan boyitilmagani ilk yoshda bolaning yuqumli virusli kasalliklar, shamollash, oshqozon-ichak va boshqa koʻplab xastaliklarga chidamliligini pasaytiradi. Bolada ruhiy va nevrologik sindromlar paydo boʻlishi har qanday kasallikning asoratli kechishiga sabab boʻladi.

Goʻdaklikdan shakllangan gipovitaminoz qiz bolalarda reproduktiv funksiyaning buzilishidan tortib, birlamchi bepushtlikka olib borishi ham mumkin.

Ilmiy izlanishlar shuni koʻrsatadiki, vitaminlar, mikroelementlar, noyob oqsil va yogʻlar taqchilligini 3 yoshdan soʻng bartaraf etishga harakat qilish hech qanday samara bermasligi mumkin. Ayniqsa, bolaning aqliy rivojlanishi borasidagi boy berilgan imkoniyatlar tiklanmaydi. U ulgʻaygandan soʻng paydo boʻladigan va nasldan-naslga oʻtadigan salbiy oqibatlarning oldi olinmaydi.

Mamlakatimizda 6-23 oylik bolalarga tay yorlangan ovqatni boyitish uchun multivitaminli kukundan foydalanish asoslari 2017-yilda olib borilgan tadqiqotlar natijasida yaratildi. Ushbu tadqiqotlar davomida bolalarning oziqlanish holati, ayrim mikroelementlarning yetishmovchiligi, chaqaloqlar va yosh bolalarni oziqlantirish boʻyicha maʼlumotlar toʻplandi.

Prezidentimizning shu yil 26-iyuldagi “Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yana-da yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi koʻplab muammolarga munosib yechim boʻldi. Qarorga muvofiq, 6-23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni, 6 oylikdan 5 yoshgacha boʻlgan bolalarni A vitamini bilan, 2-10 yoshli bolalarni gelmintoz profilaktikasi boʻyicha maxsus preparatlar, homilador va bola emizuvchi ayollar hamda 3-15 yoshdagi bolalarni yod preparati, 35 yoshgacha tugʻish yoshidagi ayollar polivitamin temir va foliy kislotasi preparati bilan bepul taʼminlanadi.

2021-2023-yillarda bolalarni, tugʻish yoshidagi, homilador va bola emizuvchi ayollarni profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlash chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish uchun esa davlat byudjetidan 264,5 milliard soʻm ajratish nazarda tutilmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan YUNISEF ekspertlari bilan hamkorlikda yurtimizning barcha hududida ushbu kukunlarni belgilangan yoshdagi bolalarga toʻgʻri taqsimlash maqsadida ota-onalar va tibbiyot xodimlari uchun tavsiyalar, videorolik va qoʻllanmalar ishlab chiqildi.

Mikronutriyent kukunini tarqatish borasidagi dastlabki ishlar Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida amalga oshirildi. Pandemiya sharoitida ozuqa kukunlarini tarqatish tartibi, karantin qoidalariga rioya qilish jarayoni sinovdan oʻtkazildi. Endi butun mamlakatimiz boʻyicha goʻdaklar oziq-ovqatlarini mikronutriyentlar bilan boyitish jarayoni boshlanadi.

Ushbu mikronutriyent kukuni bilan bolalar ovqatini boyitish natijasida yurtimizda bolalar orasida kamqonlik bilan kasallanish holatining oldi olinadi hamda oʻsish va rivojlanishdan orqada qolish xavfi bartaraf etiladi.