Aniqlanishicha, 18-iyul kuni Yangiyoʻl tumani “Ibrat” MFYda joylashgan “Ominaxon” nomli nodavlat oilaviy MTTda tarbiyachi boʻlib ishlovchi ayol H.A. (2002-yilda tugʻilgan) shu bogʻchadagi ikki nafar (5-6 yoshli) oʻgʻil bolalar oʻzaro talashib, mashgʻulotga halal bergani uchun ularni urishib, uy oyoq kiyimi bilan urgan.

Voqeaga guvoh boʻlgan shaxs tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.

Viloyat IIBB matbuot xizmatining xabar berishicha, holat yuzasidan IIB tomonidan tarbiyachi va boshqa masʼullar bilan profilaktik suhbat oʻtkazilib, bolalarni sud tibbiy ekspertizasidan oʻtkazish uchun yoʻllanma berilgan.

Ekspertiza xulosasi va oʻtkazilayotgan tergovga qadar tekshiruv natijasi boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.

Oʻrganish davomida tarbiyachi tegishli tartibda ishdan boʻshatilib, tadbirkor ogohlantirildi.