Qayd etilishicha, oʻrganishlar bolani mazkur gʻayriijtimoiy faoliyatga jalb qilgan ayrim ota-onalar tilanchilikni muntazam ravishda oʻziga kasb qilib olganligi, ayrim oilalar ijtimoiy ahvoli ogʻirligi yoki ikkala ota-onaning ish bilan band emasligini koʻrsatmoqda.

Achinarlisi, aniqlangan koʻp holatlarda tilanchilikka jalb qilingan bolalar majburiy boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim doirasidan tashqarida qolgan.

Bunga yoʻl qoʻygan ota-onalarga qonunda koʻzda tutilgan tegishli javobgarlik choralari qoʻllanilgan.

Oʻrganish natijasida aniqlangan bolalarning kelgusida takroran tilanchilikka jalb qilinishini oldini olish maqsadida har bir hududda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ushbu oilalarning har biri bilan manzilli ishlash orqali ularning ijtimoiy yordamga boʻlgan ehtiyojini oʻrganish bilan bir qatorda bu ota-onalarning bolaga gʻamxoʻrlik koʻrsatishi vaziyatiga ham baho beradi.

Xususan, ogʻir ahvolga tushib qolgan va ogʻir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori boʻlgan oilalar monitoringi olib borilib, ular uchun zaruriy ijtimoiy xizmat hamda yordamlarni tashkil etish, muhimi esa bolalarning taʼlim huquqini taʼminlash choralari koʻrilmoqda.