Yurtimizda maktabgacha taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ushbu moslashuvchan raqamli oʻquv platformasi pedagoglar va ota-onalarning taʼlim-tarbiya borasida muntazam faolligini oshirish, oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash, ilgʻor tajribalarni oʻrtoqlashish va eng muhimi, taʼlim sifatini yaxshilash maqsadini oʻzida mujassam etgan.
Mazkur platforma maktabgacha taʼlim pedagoglarini malaka oshirish kurslari, mashgʻulotlar rejalari, qoʻshimcha oʻqish uchun materiallar, raqamli taʼlim va tarbiya resurslari bilan taʼminlaydi. Barchasi “Ilk qadam” maktabgacha taʼlim davlat oʻquv dasturi va Oʻzbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʻyiladigan davlat talablari asosida ishlab chiqilgan.
— Bolaning 5 yoshga qadar egallagan bilimi butun umri davomida oladigan taʼlim-tarbiyasi uchun mustahkam poydevor boʻladi. Buning uchun tarbiyalovchi va ragʻbatlantiruvchi muhit yaratilishi, bu orqali bolalar oʻqib oʻrganishi, rivojlanishi va yutuqlarga erisha olishi zarur, — deydi maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin. — Ushbu muhim davr hayotda faqat bir marta keladi. Shu bois, u maktabgacha yoshdagi millionlab bolalarning kelgusi rivojlanishi uchun juda muhim. Ularning butun umri davomida erishadigan natijasi, moliyaviy taʼminlanganlik darajasi aynan shu vaqtda beriladigan yordamga bogʻliq.
Bolaning mustaqil fikrlash layoqatini shakllantirish, qobiliyatini roʻyobga chiqarish hamda bilim olishga intilishini qoʻllab-quvvatlashda innovatsion yondashuvlarning ahamiyati katta. Shu maʼnoda, mazkur texnologik innovatsion gʻoya mamlakatimiz boʻylab maktabgacha yoshdagi bolalarga bogʻchalarga borishi yoki bormasligidan qatʼi nazar, yuqori sifatli oʻquv resurslaridan foydalanish imkonini beradi.
Maʼlumotlar foydalanish uchun qulay shaklda joylashtirilgan boʻlib, kerakli manbani tez topish mumkin va yangi ishlanmalar doim qoʻshilib boradi. “Bolalik akademiyasi” uyda taʼlim berish uchun ham beqiyos koʻmakchi. U oddiy mashgʻulotlar uchun kutubxona va ota-onalar uchun tavsiyalar, birgalikda oʻynaladigan oʻyinlar boʻyicha koʻrsatmalarni oʻz ichiga oladi. Bunday oʻyinlar ota-onalar va bolalarning oʻzaro munosabatini rivojlantiradi.
Pedagoglar bolalar hayotiga eng koʻp taʼsir koʻrsatadigan mutaxassislardir. Ular malaka oshirish kurslarida oʻqib, yangi bilim va koʻnikmalarni egallashi hamda oʻz faoliyatida qoʻllashi mumkin. Tarbiyachilar zamonaviy va ilgʻor taʼlim amaliyotidan foydalanganda bolalar jismoniy, hissiy va taʼlimiy jihatdan oʻsishga erishadi. “Bolalik akademiyasi” pedagoglarimizning shaxsiy va kasbiy rivojlanishi uchun katta qulayliklar taqdim etadi.
“Bolalik akademiyasi” bolalar foydalanishi uchun ham qulay. Ular savodxonlik, hisoblash va ijtimoiy-hissiy koʻnikmalarni rivojlantiruvchi oʻyinlarni oʻynashi, ona tilimizdagi elektron kitoblarni oʻqishi mumkin. Bundan tashqari, oʻquv-koʻngilochar videolarni tomosha qilish va yoshga mos kutubxonadan foydalanish imkoniyati ham mavjud.
Platformadagi oʻquv materiallari ilgʻor tajriba asosida yaratilgan va ishonchli. U tekshirilmagan manbalardan maʼlumot qidirishga ehtiyoj qoldirmaydi. Ushbu platformani boshqa tizimlar va malaka oshirish institutiga integratsiya qilish koʻzda tutilgan. Bu pedagoglarning kasbiy bilimini muntazam rivojlantirib borishiga xizmat qiladi. “Bolalik akademiyasi” platformasi taʼlim sifati boʻyicha “oʻsish nuqtasi” boʻlishi shubhasiz.
Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida bolalarga maktabgacha taʼlim muassasasida taʼlim-tarbiya berishning noyob muqobil usullarini izlash va amaliyotda joriy etish muhim ahamiyatga ega ekaniga alohida urgʻu berilgan. Bugun maktabgacha taʼlim tizimiga innovatsiyalarni, ilgʻor pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga har qachongidan katta eʼtibor qaratilmoqda. Zero, maktabgacha taʼlim muassasalarida taʼlim-tarbiya jarayoni qanchalik yuqori saviyada tashkil etilsa, bolaning intellektual salohiyati shunchalik yuqori shakllanadi. Shu nuqtai nazardan joriy etilayotgan yangi platforma taʼlim sifati va mazmuniga samarali taʼsir koʻrsatishi bilan ahamiyatlidir.
Mingdan ortiq oʻquv va tarbiya materiallari, yuzdan ortiq videoroliklar oʻzbek tilida, raqamlashtirilgan holda joylashtirilgan ushbu platformani ishga tushirish orqali yurtimiz boʻyicha 20 mingga yaqin pedagogni qamrab olish, 1,5 millionga yaqin bolaning oʻqish va rivojlanish natijasini yaxshilash koʻzda tutilgan.
Risolat Madiyeva,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri