“Sizlar hammalaring mening farzandlarimsizlar. Hayot juda murakkab. SHuni bilinglarki, bugun og'ir kunlar bo'lsayam, Alloh taoloning yorug' kunlari bor. Sizlarning qiynalganlaring, oilani eslashlaring, orzu-umidlaring ortida Xudoning marhamati, ertangi quvonch bor. Bu dunyoda kim baxtli bo'lishini kelajak ko'rsatadi. Sizlarning baxtli bo'lishingiz uchun hayotlaringizga doimiy asos yaratishni o'ylayapmiz. Bir martalik emas, qonun jihatidan. Bu erni tamomlagandan keyin uy bilan ta'minlanib, farovon yashashingizni qonun bilan himoyaga olamiz. Tinchlik-osoyishtalikda sizlarning baxtingizni ko'rish nasib etsin”, degan edi Prezidentimiz shu yil 19 fevral` kuni Namangan shahridagi 26-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashuvda.
Haqiqatan ham, yurtimizda bunday ko'ngli o'ksik bolalarning hech kimdan kam bo'lmay yashashi, kelgusida Vatanimizga sodiq farzand bo'lib ulg'ayishi uchun ko'p ishlar qilinyapti. O'lkamizning barcha hududlarida Mehribonlik uylari tashkil etilgan.
— Namanganda aytilgan gaplar men kabi bolalarning yuragiga malham bo'lib, o'zimizga ishonchimizni yanada mustahkamladi, — deydi Toshkent shahridagi 22-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Aziz Oxunov. — Prezidentimizning iliq so'zlaridan namanganlik tengdoshlarimiz qanchalar shodlangan bo'lsa, biz ham o'zimizni shunchalar baxtiyor his qildik. Men bu erga kelganimda, 7 yoshda edim, hozir 17 yoshdaman. Xudo xohlasa, oilali bo'lganimda, bolalarimni hech qachon mehrga zor qilmayman. Beminnat mehr va tarbiya berayotgan tarbiyachilarim, ilm o'rgatayotgan o'qituvchilarimning yuzini yorug' qilib, ona Vatanimga munosib farzand bo'laman, yuksak ishonchni, albatta, oqlayman.
Guruch kurmaksiz bo'lmaganidek...
Biz mazkur Mehribonlik uyida bo'lib, bu erda bolalarga ta'lim-tarbiya berayotgan ustozlar, bolalar bilan suhbatlashdik, ularning yashash va o'qish sharoitlari, orzu-o'ylari bilan qiziqdik.
— Bilasizmi, muassasamizda chin etimlar qatorida ota-onasi tirik, lekin tashlab ketilganlar ham bor, — deydi Mehribonlik uyi direktori o'rinbosari Xursand Xolova. — Masalan, siz hozir gaplashgan Azizning onasi tirik. Men bu bolani etti yoshligida o'zim qabul qilib olganman. Bu erga ko'nikib ketishi juda ham qiyin bo'lgan. Har kun yig'lardi, onasini so'rardi. Bir oydan keyin onasiga telefon qildim, “Bolangiz sizni juda ham sog'ingan, ichikib qolyapti, kelib, bir ko'rib, xabar olib keting”, dedim. Bir marta keldi-yu, bolasini ko'rar-ko'rmas shoshib ketib qoldi.
Ammo yaqinda keldi. “Hukumat qanaqadir qaror chiqaribdi, etimxonadagi bolalarga uy, ish va yana qo'shimcha pullar ham berilarmish, shu haqda bilmoqchi edim. To'g'risini aytsam, o'g'limni ham juda sog'indim”, dedi. Tushundimki, u keyingi yillarda o'g'li va o'g'liga o'xshagan bolalar uchun yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanmoqchi...
Mehribonlik uyidagi bolajonlarning emin-erkin yashashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Turli to'garaklarga mo'ljallangan shinam va orasta xonalar o'g'il-qizlar bilan gavjum. Kimdir shaxmat o'ynayapti, kimdir rasm chizyapti, kimdir sport bilan shug'ullanyapti, yana kimdir kashta tikyapti, kitob o'qiyapti, musiqa chalyapti, xullas, bu erda hayot juda qizg'in va shiddatli kechmoqda.
Oshxona yonidan o'tayotganimizda qizlarning kulgusi eshitildi. Biz mazkur muassasa direktori o'rinbosarlari Xursand Xolova va Dilfuza Jo'raeva bilan birgalikda shodon kulgular eshitilayotgan xona tomon yurdik. Ichkariga kirib borganimizda, biri-biridan go'zal qizlar turli pishiriq va taomlarni o'z qo'llari bilan tayyorlayotganiga guvoh bo'ldik.
— Muassasamizda tarbiyalanuvchilar bilan diagnostik, psixologik, profilaktik, korrektsion, konsul`tativ va reabilitatsion ishlar pedagog-tarbiyachi, psixolog, shifokor va boshqa mutaxassislar bilan birgalikda olib boriladi, — deydi Dilfuza Jo'raeva. — Bolalarning sog'lig'ini muhofaza qilgan holda, komil va ma'naviy barkamol shaxs bo'lib shakllanishi uchun guruh murabbiylari maxsus dastur doirasida ish ko'radi. Darslardan keyin qizlar navbati bilan pazandalik bilan ham shug'ullanadi. SHu yo'l bilan 7-11-sinflarda o'qiydigan qizlarimizni oilaga, bekalikka tayyorlab boramiz. O'g'il bolalar fan va boshqa to'garaklardan tashqari sport mashg'ulotlari bilan mashg'ul bo'ladi. Ularning bo'sh vaqtlari foydali taqsimlangan. “O'qish, mehnat, izlanish va odob” shiori ostida har bir tarbiyalanuvchi doimiy o'rganish va izlanishda.
YAna bir gap. YUrtimizdagi Mehribonlik uylarida “Uy-ro'zg'or akademiyasi” hamda zamonaviy komp`yuter dasturlash ko'nikmalariga o'qitish kurslari tashkil qilingan. Etim va ota-ona qaramog'idan mahrum bolalarning huquqlarini kafolatlash uchun Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarida zarur aloqa vositalari bilan jihozlangan alohida xonalar ajratilib, “1006” va “11960” qisqa raqamli ishonch telefonlari uzluksiz ishlashi va ulardan tarbiyalanuvchilarning erkin foydalanishi ta'minlangan. Har bir bola uchun to'lanadigan nafaqa miqdori 1,33 barobar oshirildi.
Ota-ona mehri har narsadan ulug'
Muassasada tarbiyalanayotgan opa-singil Muslima va SHahrizodaning ota-onasi halokat tufayli dunyodan o'tgan. Bir xonali uyda yashovchi yolg'izgina buvisi nevaralarini etimxonaga topshirishga majbur bo'lgan. Ammo onaxon keksa bo'lishiga qaramay, tez-tez kelib, nevaralarining holidan xabar olib ketarkan.
— Men kelajakda jurnalist bo'lmoqchiman, — deydi SHahrizoda biz bilan suhbatda. — SHe'r yozaman, rasm chizaman, yana sabrli bo'lish uchun kashta tikaman, aktrisalikka ham qiziqaman. Bu erda hamma tarbiyachi va o'qituvchilarimiz bizga ota-onamizdek qadrli, mehribon. Ularni yaxshi ko'raman. erkalik qilib tursak ham kechirishadi, lekin sal pastroq baho olsak, ayniqsa, Xursand opam rosa xafa bo'ladi, toki besh olib, ularga ko'rsatmagunimizcha, ko'ngillari sira tinchimaydi.
— Sen-chi, katta bo'lsang kim bo'lmoqchisan? — deyman mayin jilmayib turgan Muslimaga.
— Men shifokor bo'laman! Odamlarni davolayman. Hech kim kasal bo'lmasligini, ota-onalari o'lmasligini xohlayman. Bu erda hamma bizga mehribon, barcha sharoitlar etarli, ammo ota-onamni juda ham sog'inaman. Men ham she'rlar yozaman. Lekin katta bo'lganimda, baribir, do'xtir bo'laman.
— O'zim ham shu etimxonada tarbiyalandim, — deydi tarbiyachi Anna Nabijonova. — Bolaligimning eng shodon kunlari, yoshligimning o'yinqaroq damlari hamda mungli va iztirobli onlarim shu dargohda o'tgan. Tarbiyachilar, o'qituvchilar, xodimlar — hamma-hammasi men uchun juda qadrli. Ular jamiyatda o'z o'rnimga ega bo'lishim uchun astoydil harakat qilgan. Bu erdagi maktabni tugatgach, avval kollejda, so'ngra O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida tahsil oldim. 2014 yilda institutni bitirib, to'g'ri shu erga, bolaligim o'tgan qadrdon uyimga ishga keldim. Hamisha bizga suyanch va sirdosh bo'lgan mehribon direktorimiz SHahri opadan juda minnatdorman. Jamoa meni yana quchoq ochib kutib oldi. Aynan o'sha yili o'zbek yigitga turmushga chiqdim. Ming shukrki, qaynonam ham, turmush o'rtog'im ham juda mehribon. Hozir o'zim ham onaman. Ikki farzandim bor. Muassasadagi barcha bolajonlarning katta opasiman. Ularga mehr bergim, dardlashgim, sirdosh bo'lgim keladi. Etimlikning yuki og'ir bo'lishini o'z boshimdan o'tkazganman, shuning uchun shu erdaman. Maqsadim — ko'ngli kemtiklarga ozgina bo'lsa ham madadkor bo'lish. Hamma narsa muhayyo bo'lsa-da, ota-ona, yaqinlaringning mehriga hech narsa etmaydi...
O'z uying — o'lan to'shaging
So'nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy etimlikning oldini olish, aholi va yoshlar orasida sog'lom oila qurishga mas'uliyat bilan yondashishni targ'ib qilish, oilaviy qadriyatlarda ma'naviy-axloqiy munosabatni shakllantirish, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini turar joy bilan ta'minlash borasida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma'lumotlarga qaraganda, 2020 yilning
1 yanvar` holatiga uy-joyga muhtoj deb topilgan bitiruvchilardan 450 nafari turar joy bilan ta'minlangan. 2020 yilning yanvar`-dekabr` oylarida avvalgi yillarda uy-joy bilan ta'minlanmay qolgan 569 bitiruvchining 124 nafariga uy-joy berilgan.
Prezidentimiz rahbarligida 2020 yil 19 oktyabr` kuni o'tkazilgan videoselektor majlisi bayonida byudjetdan chin etim bolalarni uy-joy bilan ta'minlash uchun ajratilayotgan 30 milliard so'm mablag'ning manzilliligini ikki oy muddatda ta'minlash belgilandi. SHu o'rinda ta'kidlash lozimki, bunday maqsad uchun birinchi marta byudjetdan shuncha mablag' ajratildi. Ilgari hech qachon chin etim bolalarni uy bilan ta'minlashga bu qadar e'tibor qaratilmagan.
Davlatimiz rahbari joriy yilning 10 fevral` kuni 2021 yilgi davlat dasturida rejalashtirilgan ishlar muhokamasiga bag'ishlangan videoselektorda ijtimoiy masalalarga to'xtalib, viloyat hokimlari tegishli vazirliklar bilan birga 1 sentyabrga qadar Mehribonlik uylarining muhtoj bo'lgan bitiruvchilarini uy-joy bilan ta'minlashi lozimligini alohida ta'kidladi, tegishli topshiriqlar berdi.
Ta'kidlanishicha, yangi o'quv yili boshlangunga qadar Qoraqalpog'istonda — 33 nafar, Andijonda — 30 nafar, Buxoroda — 26 nafar, Jizzaxda — 17 nafar, Qashqadaryoda — 16 nafar, Navoiyda — 91 nafar, Namanganda — 44 nafar, Samarqandda — 59 nafar, Surxondaryoda — 13 nafar, Sirdaryoda — 39 nafar, Toshkent viloyatida — 100 nafar, Farg'onada — 26 nafar, Xorazmda — 50 nafar va Toshkent shahrida — 173 nafar, jami 717 nafar uy-joyga muhtoj etimning uy muammosi hal bo'ladi.
Etimlarni uy bilan ta'minlash masalasi bugun paydo bo'lgani yo'q. Bu muammo doimo kun tartibida bo'lib kelgan. Lekin uzoq yillar uning bajarilishi nazorat qilinmagan. Joylardagi rahbarlar turli bahonalar bilan uy-joyga muhtoj etimlar ishini orqaga surib kelgan. CHunki ota-onasiz bolalar 23 yoshga etgach, uy olish imtiyozidan foydalana olmasdi. SHu bois, Prezidentimiz keyingi yillarda bu masalaga alohida e'tibor qaratmoqda.
* * *
Ijtimoiy himoyaga muhtojligini bahona qilib, bolalarini etimxonalarga topshirishga harakat qilayotgan ota-onalar, afsuski, oz bo'lsa-da, uchrab turibdi. Bu achinarli, albatta. Xalqimiz urush davrida bir burda nonga zor bo'lgan vaqtda ham zurriyodini ko'chaga tashlab qo'ymagan. Aksincha, o'zga millat bolalarini farzandlikka olgan, bir parcha nonini baham ko'rgan...
Farzand umr gulshanini bezab turgan nozik gul. Uni asrash, avaylash, turli nigohlardan, zararli illatlardan muhofaza qilish sizu bizning insoniylik burchimiz va asosiy vazifamizdir.
Bolam, qo'llaringga ko'zmunchoq bo'lay,
Sen uchun osmondagi oyimdan kechay.
Dunyo farog'ati kulguchingdadir,
Kel, bag'rimga bosib, oromlar olay...
Gulichehra DURDIEVA,
"YAngi O'zbekiston" muxbiri