— Oʻzbekistonda yosh bolalarning oʻpka kasalliklari bilan kasallanish salmogʻi nisbatan yuqori ekan, bunga sabab nima va bu holatning oldini olish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Oʻzbekistonda bolalarda oʻpka kasalliklarini koʻpayishiga bir necha omillar sabab boʻlmoqda. Birinchidan, havo-tomchi yoʻli bilan yuqadigan virusli infeksiyalar koʻpaygan vaqtda bolani shaxsiy gigiyena qoidalariga toʻliq rioya qilmasligi, himoyalovchi vositalarni toʻgʻri ishlatmasligi.

Ota-onalar tomonidan farzandini uyda toʻgʻri davolamasligi, kasal boʻlsa ham bogʻcha, maktablarga yuborib boshqa sogʻlom bolalarga infeksiyani yuqtirishi, bolada surunkali infeksiya oʻchoqlarini vaqtida bartaraf etmasligi, toʻgʻri ovqatlantirmaslik, bolaning ruhiy zoʻriqishi, chiniqmaslik, kam harakatlilik, uzoq vaqt yopiq xonalarda oʻtirishi va virusli kasalliklar epidemiyasi vaqtida vaksinatsiya qilinmasligi kasallanishning koʻpayish sabablaridan deb oʻylayman.

Bu holatni oldini olish uchun ota-onalar farzandiga shaxsiy gigiyena qoidalarini oʻrgatib, himoyalovchi vositalar bilan taʼminlab, ularni qoʻllashni ham oʻrgatishi kerak. Toʻgʻri ovqatlantirish, chiniqtirish, harakatlarini koʻpaytirish va oʻz vaqtida vaksinatsiya ishlarini olib borish zarur, deb oʻylayman.

— Ota-onalar bolalarni qancha vaqt oraligʻida pulmonolog nazoratidan oʻtkazib turishlari kerak?

— Bolada nafas olish aʼzolaridan shikoyat boʻlmasa, bir yilda bir marta bolalar pulmonologi tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Agar bolada nafas olish aʼzolarining oʻtkir yoki surunkali kasalliklari boʻlsa, unda uchastka shifokori tomonidan belgilangan reja asosida bolalar pulmonologi koʻrigidan oʻtib, maʼlum vaqt tibbiy nazoratda boʻlishi kerak.

— Nafas aʼzolari yengil kasallangan bolalar ham bogʻcha va maktablarga qatnaydilar. Asosiy vaqti uydan uzoqda oʻtadi...

— Avvalo, nafas aʼzolari kasalliklari bilan kasallangan bolalarni ota-onalar maktabgacha taʼlim muassasalariga va maktablarga yubormasliklari lozim, chunki yengil kasallangan boʻlsa ham ular yuqumli hisoblanadilar. Bunday holatlarda bola nafaqat oʻzini, balki yon atrofidagi insonlar va tengdoshlarini ham kasallikdan himoya qilishi lozim.

Ilmiy tekshiruvlar shuni koʻrsatadiki, bolalar 17 foiz adenovirus tashuvchi va 18 foiz mikoplazma tashuvchi boʻlib hisoblanadi. Bola kasallangan davrda koʻproq suyuqlik ichishi, yaxshi ovqatlanishi, doimiy himoyalovchi niqobda yurishi, gigiyenik qonun qoidalarga rioya qilishi, qoʻlni sovunlab yuvishi yoki antiseptik vositalar bilan qoʻlni muntazam ravishda dezinfeksiya qilishi, umumiy idish-tovoqlardan foydalanmaslik, yoʻtalganda yoki aksa urganda ogʻiz va burunni salfetka yoki tirsak bilan yopishi, odam koʻp va gavjum boʻlgan joylarga bormasligi kerak.

— Pulmonologik kasalliklar onadan bolaga oʻtadimi?

— Hozirgi kunda ota-onalar farzand tugʻilishidan oldin, ushbu muhim qadam oldidan oʻz sogʻligini tartibga solib, farzandini ehtimoliy kasalliklardan himoya qilishga intilyapti. Shunga qaramay, bola ota-onadan koʻplab kasalliklarni yuqtirishi mumkin va birinchi navbatda, bu onadan oʻtadigan kasalliklardir. Bolaga onadan irsiy, yuqumli, virusli va endokrin kasalliklar oʻtishi mumkin.

Masalan, pulmonologik kasalliklardan bronxial astmani olaylik. Agar onada bronxial astma boʻlsa, bolaga oʻtish ehtimoli 40 foizni tashkil etadi. Agar ushbu kasallik ham otada, ham onada boʻlsa, bolaning kasallanish ehtimoli 80 foizni tashkil etadi. Bu koʻpincha allergik kasalliklarga moyilligi yuqori boʻlgan oilalarda kuzatiladi. Shuningdek, irsiy kasalliklardan mukovissidozda ham shu kasallik genini tashuvchi boʻlgan ota-onadan 25 foiz holatda xastalikka moyil bola tugʻiladi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, bolaning erkin nafas olishida eng muhim omil toʻgʻri parvarishdir.

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.