Zamonaviy tibbiyotda rentgen va gormonal tekshiruvlar orqali boʻy oʻstirishda tashxis aniq boʻlgach, gormon terapiya muolajasi qilinadi.
Muolaja ikki usulda: uzluksiz va muddatli koʻrinishda boʻladi. Davolanish jarayonida bola oʻz vaqtida koʻrikdan oʻtkazib turilib, oʻsish doiralari berkilib qolmayotgani nazorat qilinadi.
Shuningdek, gormon preparatlarini oʻz vaqtida belgilangan tartibda qabul qilish ham asosiy shartlardan biri. Agar bilib-bilmay boʻy oʻstiruvchi gormondan foydalanilsa, nojoʻya taʼsiri kuzatilishi mumkin.
Shu bois ham mutaxassis bilan bamaslahat kerakli muolaja olinishi lozim. Ikki yoki uch oyda toʻxtatib qoʻyilsa, hech qanday naf boʻlmaydi. Bu jarayonni ertaroq boshlagan maʼqul. Balogʻat yoshidan keyin boʻy oʻstirish muolajasi taʼsir qilmasligi tibbiyotda koʻp kuzatilgan.
— Ota-onalarga maslahatimiz shuki, farzandingizning boʻyi meʼyorida boʻlishi uchun sport mashqlariga eʼtibor qarating.- deydi tibbiyot fanlari nomzodi Nasiba Alimova. – Sakrash, turnikda osilish, voleybol, basketbol sport turlariga jalb qiling. Bola jismoniy faollik bilan band boʻlsa, unda ochlik hissi paydo boʻladi. Bu esa oʻsish gormoni koʻproq ishlab chiqilishini taʼminlaydi.
Taomnoma oqsilga boy mahsulotlar, sut-qatiq, goʻsht, tuxum, koʻkatlar hamda dukkakli mahsulotlarga boy boʻlsa, boʻy bilan bogʻliq muammolar koʻp bezovta qilmaydi. Shuni unutmangki, har qanday kasallikning oldini olishning birinchi talabi bu sogʻlom turmush tarziga amal qilishdir, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.