Bolasini ikki yildan buyon kaltaklab kelgan ayol 3-yilga ozodlikdan mahrum qilindi

    Buxoro viloyati Shofirkon tumanida kichik yoshdagi farzandini 2-yildan buyon kaltaklab kelgan ayolga hukm oʻqildi.

    Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabar berdi.

    Yanvar oyida ombudsmanga S.N. 5 yoshli bolasini beshikka bogʻlagan holda kaltaklab, qiynab kelgani haqida maʼlumot va videodalillar kelib tushgandi. Soʻngra holat yuzasidan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi, “a, v” bandlari (Voyaga yetmagan, ojiz ahvoldaligi ayon boʻlgan shaxsni qiynash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Mart oyida ayolning harakatlarida Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari — qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish ham aniqlangan.

    2-may kuni jinoyat ishlari boʻyicha Shofirkon tumani sudi hukmiga koʻra, S.N. Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi, “v” bandi bilan aybdor deb topildi va 3-yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

    2018-yilda tugʻilgan S.F.ga tuman “Inson” ijtimoiy markazi tomonidan dastlabki tarzda vasiy sifatida B.Z. (ayol) tayinlanib, bola uning qaramogʻiga topshirildi.

    Hozirda vasiylik va homiylik organi tomonidan ayolni farzandiga nisbatan boʻlgan onalik huquqidan mahrum qilish masalasi bilan bogʻliq tegishli choralar koʻrilmoqda.

    Taʼkidlanishicha, Bolalar ombudsmani bolaning kelgusi taqdirini belgilash jarayonlari yuzasidan kuzatuvini davom ettirmoqda.