Qay sohada faoliyat yuritishi yoki qaysi yoʻnalishda taʼlim olishidan qatʼiy nazar biror kishi yoʻqki, Hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning gʻazal va ruboiylarini yod olmagan, bu ikki maʼnaviyat sarchashmalari haqida yozilgan asarlarni sevib mutolaa qilmagan boʻlsa. Benazir xislatlar egasi boʻlgan, shoh va shoir sifatida millatimizni olamga mashhur etgan, yuksak maʼnaviyat va madaniyat, nodir qobiliyat, oʻtkir salohiyat egasi – Zahiriddin Muhammad Bobur haqida dunyo olimlari, tarixchilar, adabiyotshunos, shoiru-yozuvchilar qator ilmiy, tarixiy, badiiy asarlar yozishgan. Bobur shaxsiyatini oʻzgacha mehr va hurmat bilan taʼriflashgan.
Xususan, tarixchi olim U.Erskinning: “ Bobur Sharq mamlakatlari taxtiga yarashib tushgan hukmdorlarning yorqin namoyandalaridan biridir. Uning shaxsi olijanob inson va ulugʻ shohga mansub boʻlgan fazilatlardan tarkib topgan...” degan eʼtirofi, ayniqsa, Hindistonning asl farzandi Javoharlal Neruning “ Bobur dilbar shaxs edi. Uygʻonish davrining ajoyib sultoni, kuchli tadbirkor kishi boʻlib, sanʼatni, adabiyotni, goʻzallikni sevar edi... ” deya taʼriflaganlari Boburning avlodlari sifatida har birimizga beqiyos gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.
Bobur nafaqat shoh va shoir, mohir sarkarda sifatida, balki, farzand tarbiyasi masalasida ham idrokli maʼrifatparvar, talabchan ustoz maqomidagi ota hamdir. Uning oʻgʻillariga atab “Mubayyin” va “Mufassal” kitoblarini yaratgani, farzandlarining ham ijodga, kitobxonlikka juda qiziqishlari va bu borada otalari singari isteʼdodli ekanliklari, oʻzlari ham qalam tebratganlari tarixiy asarlarda qayd etilgan. Birgina, Boburning qizi Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asarini yozib qoldirgani bunga misoldir.
Uning xalqparvarligi, doimo odamlarga yaxshilik qilish maqsadida yashagani, taqdir taqozosi bilan vatanidan yiroqda shohona hayot kechirsada, oʻz tugʻilgan yurtini qoʻmsab yashagani ham barchamiz uchun vatanparvarlikning yorqin namunasidir.
Shunday ekan, oʻzining samimiy iqrorlari, ulugʻ insoniy fazilatlari, chuqur ilm-maʼrifati, yuksak maʼnaviyat va madaniyati, qudratli hukmdorlik salohiyati, shohlik va shoirlik mahorati bilan dunyoga maʼlum-u mashhur boʻlgan ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur bilan faxr-iftixor etish, munosib avlod boʻlish bizning sharafli burchimizdir.
Ozodbek Nazarbekov,
Madaniyat vaziri