Uchrashuvda shahar hokimining oʻrinbosari Sh. Raxmanov, “Compass Group” kompaniyasining vakillari, “Boschung Group” kompaniyasining Oʻzbekistondagi distribyutori B. Hojiahmedov va boshqalar ishtirok etdi.

Samimiy ruhda oʻtgan suhbat avvalida Sh. Umurzoqov mehmonlarga tashrifi uchun minnatdorligini aytib, poytaxtimiz ularda ijobiy taassurot qoldirishiga umid bildirdi.

Gabriel Boshung ham oʻz navbatida tashkil etilgan uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, “Boschung Group” korxonasi poytaxt yoʻl infratuzilmasi uchun foydali boʻlgan maxsus kommunal soha texnikalarini taklif qilishini, ushbu texnik vositalar nafaqat katta yoʻllarda, balki piyodalar va velosiped yoʻlaklarida foydali boʻlishi barobarida, toʻliq elektr yoqilgʻisida ishlashi mumkinligini maʼlum qildi. Shu bilan birga, “Boschung Group” shunchaki oʻz mahsulotini sotishni emas, balki uzoq muddatli strategik va texnologik hamkorlikni maqsad qilganini taʼkidladi.

Sh. Umurzoqov taklif uchun minnatdorlik bildirib, bu masalada kompaniya mahalliy bozorni oʻrganib, geografik va iqlim jihatlarni inobatga olishi muhimligini aytib oʻtdi. Shuningdek, poytaxtimizda oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun barcha qulay shart-sharoitlar mavjudligini qayd etdi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Uchrashuv yakunida taraflar muloqotni davom ettirishga, hamkorlik istiqbollarini yanada batafsil muhokama qilishga kelishib oldilar.