Yangi Oʻzbekiston davrining oʻtgan toʻqqiz yili xalqimiz hayotida unutilmas voqealar, yuksak natijalar bilan yodda qoldi. Boshqacha aytganda, oʻzbek davlatchiligi buyuk oʻzgarishlar va samarali islohotlar bilan boyigan, inson qadri eng oliy qadriyatga aylangan, milliy maʼnaviyat va madaniy merosga munosabat yuksak bosqichga koʻtarilgan davr sifatida tarix zarvaraqlaridan joy olmoqda.

Bugun yurtimizning boy tarixini chuqur oʻrganish, bu yoʻnalishda ilmiy tadqiqot faoliyatini jadallash­tirish, yosh avlodni milliy qadriyatlar va ajdodlari­mizning bebaho merosi ruhida tarbiyalash, jamiyatda vatanparvarlik ruhini mustahkamlash yangi Oʻzbekiston strategiyasining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga ay­langan.

Milliy tarix, madaniyat va maʼnaviyatga chuqur hur­mat, ularni asrab-avaylash va yanada boyitish, shu bilan birga, yosh avlodni umuminsoniy va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash taraqqiyotga intilayotgan har qanday jamiyat uchun hal qiluvchi omildir. Ana shu haqiqat yangi Oʻzbekiston davrida barcha sohalarda namoyon boʻlmoqda.

Keyingi yillarda yurtimizda tarixni xolis va haqqoniy oʻrganish, ochilmagan sahifalarni tadqiq etish borasida keng imkoniyatlar yaratildi. Xususan, 2017-2021-yillar davomida Islom sivilizatsiya­si markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi xalqaro il­miy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi milliy maʼnaviyat va maʼrifatimiz yuksak qadrlanganining yorqin ifodasidir.

Bugun mazkur markazlarda bajarilayotgan fundamental tadqiqotlar nafaqat yurtimiz­da, balki xalqaro doirada ham katta qiziqish uygʻotmoqda. Bu markazlar dunyoning yuzdan ortiq davlati va nufuzli ilmiy muassasasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.

Bunday samarali aloqalar tufayli yurti­mizga tegishli, bir paytlar turli sabablarga koʻra xorijga olib ketilgan minglab tari­xiy merosimiz oʻz vataniga qaytarilmoqda. Jahonning nufuzli muzeylari va fondla­ri bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, ularda Oʻzbekistonning boy madaniy merosi keng namoyish etilayotir.

2022-yilda Fransiyaning mashhur Luvr muzeyida oʻtkazilgan milliy meros koʻrgaz­masi buning yaqqol isbotidir. Besh oy mo­baynida davom etgan mazkur koʻrgazma 260 mingdan ziyod tomoshabinni jalb qildi. Koʻrgazmada yurtimiz muzeylarida saqla­nayotgan 138 ta qimmatli eksponat namoyish etildi. Ular orasida kulollik, yogʻoch, me­tall, devoriy sanʼat va qogʻozga oid 70 dan ortiq nodir buyum restavratsiya qilinib, ilk bor xalqaro maydonga olib chiqildi.

Yangi Oʻzbekiston tarixi islohotlar va yutuqlar tarixi boʻlib, uning ajralmas bir qismi milliy oʻzlikni anglash, milliy meros va maʼnaviyatni yuksaltirishga qaratilgan ul­kan ishlardir. Millat tarixi va madaniyati­ga chuqur hurmat faqat ilmiy tadqiqot emas, balki yangi avlod ongini shakllantirish, ke­lajak taraqqiyotiga qoʻyilgan mustahkam poy­devor hisoblanadi.

Shu bois, bugungi kunda tarixga eʼtibor kelajakka investitsiya sifatida qaralmoqda. Yangi Oʻzbekistonda tarixiy xotira, milliy meros va maʼnaviy qadriyatlar davlat siyosati darajasida eʼzozlanmoqda. Bu esa, shubhasiz, milliy ruhni mustahkamlaydi, xalqning oʻz­ligi va qadr-qimmatini yanada yuksaltirib, yangi taraqqiyot bosqichiga yoʻl ochadi.

Mustaqillik monumenti, Gʻalaba bogʻi, Adiblar xiyoboni kabi maʼnaviy maskan­larda shoir va yozuvchilarimizning haykal va byustlari oʻrnatilib, ularning xotirasiga munosib hurmat koʻrsatildi. Bu maskanlar xalqimiz, ayniqsa, yoshlar uchun maʼnaviy- maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladigan mazmun­li makonga aylandi.

2019-yil 15-oktyabr kuni Ozarbayjondagi Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida Prezidentimiz “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jildli toʻplamni har bir mamlakatning ona tilida nashr etish gʻoyasini ilgari surgan edi. Ushbu tashabbus asosida ilk bor Oʻzbekistonda mazkur toʻplam nashr etildi va turkiy dunyo kutubxonalari­dan munosib oʻrin egalladi. Bu orqali turkiy xalqlar adabiyotining maʼnaviy merosi yana­da yaqinlashdi, qalblar va xalqlar oʻrtasida koʻpriklar barpo etildi.

Vatanimizning uch ming yillikdan ziyod tarixini chuqur va xolis oʻrganish, uni xal­qimiz va jahon jamoatchiligiga keng targʻib etish maqsadida ham qator ishlar qilin­di. Prezidentimiz qarori bilan 2019-yil 1-sentyabrdan faoliyatini boshlagan “Oʻzbe­kiston tarixi” telekanali bu borada muhim vazifani bajarib kelmoqda. Bugun u koʻplab mamlakatlarda tomoshabinlar qalbidan oʻrin olgan televideniye platformasiga ay­lanmoqda.

Shu bilan birga, kino sanʼati orqali ta­rix va maʼrifatni targʻib etishga ham jid­diy eʼtibor qaratildi. “Xalq yuragi” turku­mi ostida 24 ta hujjatli film yaratildi. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bo­bur, Abdulla Avloniy, Abdulla Qahhor, Zul­fiya, Muhammad Yusuf kabi buyuk adiblari­miz hayoti va ijodi haqidagi ushbu filmlar xalqimiz qalbidan chuqur joy oldi.

2024-yil 16-may kuni davlatimiz rahba­rining Kinochilar uyiga tashrifi, kino so­hasi vakillari bilan uchrashuvi, Oʻzbekiston kino sanʼati muzeyini koʻzdan kechirishi ki­nematografiyadagi yana bir muhim bosqichni boshlab berdi. Unda 2024-2027-yillarga moʻl­jallangan “Tirik tarix” strategik dasturi taqdim qilindi. Bu loyiha vatanimizning eng qadimgi tarixidan to yaqin oʻtmishgacha boʻlgan davrni oʻz ichiga olgan, milliy gʻurur­ni oshirish, tarixni xolis aks ettirishni maqsad qilgan yirik medialoyihadir.

Prezidentimizning 2024-yil 5-iyundagi “Kinematografiya sohasini yanada rivojlan­tirish hamda mamlakatimiz tarixiga bagʻish­langan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ushbu loyihaga qonuniy va moliyaviy poydevor boʻldi. Bu qaror orqali kinematografiya yangi bosqichga koʻtarildi, milliy davlatchiligi­miz va tarixiy shaxslarimiz hayotini ekran orqali keng namoyon etish imkoni yaratildi.

“Tirik tarix” dasturi doirasida koʻp­lab badiiy va badiiy-publitsistik film­lar ishlanmoqda. Ular orasida “Bahodir Yalangtoʻsh”, “Ajiniyoz”, “Maxtumquli Fi­rogʻiy” kabi filmlar xalqaro kinofesti­vallarda yuqori baholarga sazovor boʻldi. Shu yil oxiriga qadar buyuk sarkarda Amir Temurga bagʻishlangan “Ulugʻ Amir va Donna Mariya” badiiy filmi hamda Ikkinchi ja­hon urushi qahramoni Mamadali Topvoldiyev haqidagi film tomoshabinlar eʼtiboriga havola etilishi rejalashtirilgan.

Bir soʻz bilan aytganda, yangi Oʻzbekiston davrida adabiyot, tarix va kino sohalarida­gi keng qamrovli islohotlar milliy maʼ­naviyatni yuksaltirish, xalqning oʻzligini anglash, tarixiy xotirani tiklash va uni dunyoga tanitishda muhim qadamdir. Chunki millatni millat qiladigan asosiy unsur uning tarixi, adabiyoti va maʼnaviyatidir.

Buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur oʻr­ganish, milliy maʼnaviy xazinamizni keng namoyon etish borasida bugungi kunda, ay­niqsa, Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati beqiyos. Ushbu markaz xalqimiz­ning maʼnaviy qudrati, ilmiy va madaniy salohiyati ramzi sifatida yangi Oʻzbekiston davrida barpo etilgan eng yirik va betakror obidalardan biridir. Markaz tarixiy maz­munga boy, zamonaviy arxitektura yechimlari bilan jahonda yagona boʻlgan ilm-maʼrifat qasriga aylanmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 23-iyunda­gi qarori asosida tashkil etilgan mazkur markazning tamal toshi 2018-yilda, Ramazon hayitining muborak kunlarida qoʻyilgan. Bugun bu majmua “tarix, bugun va kelajak­ni bogʻlovchi, taraqqiyotimiz yoʻnalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi” sifatida shakllanmoqda.

Uch qavatdan iborat markaz qadimiy meʼ­morlik anʼanalari asosida barpo etilmoqda. Majmua 34 metrli peshtoqlar bilan toʻrt to­monlama oʻralgan boʻlib, uning markazida 65 metrli bosh gumbaz qad rostlagan. Markazning yuragi sanalmish Qurʼoni karim zalida islom olamidagi eng qadimiy muqaddas manbalardan biri — Usmon Musʼhafi namoyish etiladi.

Bu yerdan somoniylar, qoraxoniylar, xo­razmshohlar, Oʻzbekxon, temuriylar va boshqa sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitob­lar, ularning oʻzbek tilidagi tarjimalari, shuningdek, jahondagi eng nodir Qurʼon qoʻlyozmalari ham joy oladi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, avvallari bizga nomaʼlum boʻlib kelgan minglab yodgorliklar, manbalar va asarlar bugun ana shu markaz tufayli xal­qimizga qaytarilmoqda, tadqiq etilmoqda, ommaga yetkazilmoqda.

Majmuada “Islomdan avvalgi sivili­zatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans”, “Oʻzbekiston XX asrda”, “Yangi Oʻzbekiston — yangi Renessans” kabi boʻlim­lar tashkil etilib, ular orqali yurtimiz tarixidagi eng yorqin davrlar, maʼrifat va ilm-fan rivoji namoyon etiladi.

Oʻlkamizning Xorazmiy, Fargʻoniy, Forobiy, Beru­niy, Ibn Sino, Margʻinoniy, Zamahshariy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Ali Qushchi kabi farzandlarining ilmiy va maʼrifiy merosi keng yoriti­ladi. Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Na­safiy, Qaffol Shoshiy, Bahouddin Naqsh­band kabi islom ulamolarining maʼnaviyat taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi taqdim etiladi.

Oʻtmishda ilm-fan va maʼrifat ta­raqqiyotiga hissa qoʻshgan Bibixonim, Gavharshodbegim, Xonzodabegim, Nodira, Uvaysiy, Anbar Otin kabi alloma xotin- qizlarimizga alohida boʻlimlar ajratilga­ni ayni muddaodir.

Markazda zamonaviy multimedia vosi­talari, interaktiv suratlar, 3D maketlar, videoekspozitsiyalar orqali koʻrgazmalar tashkil etiladi. “Vaqt devori”, virtual sayo­hatlar, axborot-resurs markazi kabi yechimlar bu yerga tashrif buyurgan har bir insonni uzoq tarix safariga yetaklaydi.

Bundan tashqari, markazda boy muzey va kutubxona, xalqaro anjumanlar zali, arxiv, qoʻlyozmalar fondi, ilmiy akademiya ham fao­liyat yuritadi. Ularning fondlarini nafaqat yurtimizdagi, balki dunyodagi koʻplab muzey va arxivlardan keltirilgan nodir asarlar bi­lan boyitish davom etmoqda. 300 oʻrinli kon­ferensiya zali va ilmiy tadqiqot uchun maxsus laboratoriyalar ham tashkil qilinmoqda.

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bu markaz “oʻzimizning meʼmoriy tajriba­miz, yangi Oʻzbekistonning bunyodkorlik mak­tabi va ilmiy-maʼnaviy salohiyatimiz ramzi sifatida tarixga kiradi”. Bu yerdagi har bir boʻlim, har bir ekspozitsiya, har bir tarixiy asar bizni oʻzligimiz, kelib chiqishimiz, ota-bobolarimizning buyuk merosi bilan yanada yaqinroq tanishtiradi.

Islom sivilizatsiyasi markazi ming yil­lar avval asos solingan buyuk sivilizatsiya­lar davomiyligining, yangi milliy uygʻonish va maʼnaviy tiklanishning amaldagi ifoda­sidir.

Yangi Oʻzbekiston zaminida barpo eti­layotgan har bir obida xalqimizning maʼ­naviy uygʻonishi, ilmiy merosimizga hur­mat va eʼtibor ifoda etadi. Bugungi kunda Samarqand viloyatining Payariq tumanida qaytadan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi bu yoʻnalishdagi eng muhtasham in­shootlardan biridir.

Tubdan qayta barpo etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi umumiy 44 gektar may­donni qamrab olgan. Majmuadagi 10 ming kishiga moʻljallangan masjid, 75 metrli toʻrtta minora va mahobatli maqbara uning ulugʻvorligini yanada oshirgan. Shu bilan birga, bu yerda muzey, ayvonlar, maʼmuriy va xizmat koʻrsatish binolari, xiyobonlar, toʻrt­ta tahoratxona va ikki ming oʻrinli yigir­madan ortiq mehmonxona qurilmoqda.

Soʻnggi yillarda yurtimizda islom maʼ­rifatiga xos ilm-fan va diniy merosga yuk­sak eʼtibor Imom Abu Mansur Moturidiy shaxsi misolida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bu yoʻnalishdagi muhim ilmiy may­donga aylandi.

Markaz Imom Moturidiy va izdoshlari­ning aqida, kalom va maʼrifat sohasidagi ulkan merosini chuqur oʻrganish, asarlarini tarjima qilish, xalqchil risolalar, ensik­lopediya va kataloglar tayyorlash, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish vazifa­larini amalga oshirmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 14-mart­dagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori esa bu jarayonni yangi bosqichga olib chiqdi. Qarorda Imom Moturidiy merosini chuqur tadqiq etish, asarlarini keng jamoat­chilikka yetkazish, xalqaro miqyosda ham ham­korlikni mustahkamlash kabi ustuvor vazi­falar belgilab berilgan.

Shu kunlarda “Tirik tarix” dasturi doi­rasida “Imom Moturidiy” badiiy filmi suratga olinayotgani bu ulugʻ zotning shaxsiya­ti va taʼlimotiga yuksak eʼtiborning yaqqol isbotidir.

Bir soʻz bilan aytganda, Samarqandda bar­po etilayotgan Imom Buxoriy va Imom Mo­turidiy majmualari xalqimizning yuksak maʼnaviy madaniyati, ilmga muhabbati, aj­dodlar merosiga sadoqat va shu orqali dunyo tamadduniga qoʻshilayotgan beqiyos hissasi­ning yorqin ifodasidir.

2017-yilda tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomoni­dan shu kunga qadar Imom Buxoriy va bosh­qa allomalar qalamiga mansub 49 nomdagi noyob asar oʻzbek tiliga tarjima qilindi. 87 nomdagi monografiya, kitob, katalog va ri­sola nashr etildi. “Imom Buxoriy saboqlari” ilmiy-maʼrifiy jurnalining 34 ta soni chop qilindi.

Markaz tomonidan islom tarixi, ilm-fa­ni va madaniyatida muhim oʻrin tutgan alloma va mutafakkirlar hayoti hamda merosiga ba­gʻishlangan yuzga yaqin ilmiy-maʼrifiy kitob nashr etildi. Jumladan, “Imom Buxoriy”, “Abu Iso Termiziy”, “Muhammad Xorazmiy”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Alisher Navoiy”, “Gʻuluvning xatari”, “Moturidiylik haqi­qati”, “Islom dinida tinchlik”, “Sahihi Buxoriy sharhi” kabi kitoblar aholining keng qatlamiga yetar­li darajada yetkazilmoqda.

Markaz faoliyati xalqaro mi­qyosda ham yuqori baholanmoqda. Buyuk Britaniya, Saudiya Arabisto­ni, Turkiya, Malayziya, Misr, AQSH, Germaniya, Rossiya, Qozogʻiston, Qir­gʻiziston kabi 20 ga yaqin davlatdagi 47 ta ilmiy muassasa, turdosh markaz va universitet bilan hamkorlik memorandum­lari imzolangan.

Markazning qoʻlyozmalar fondida 644 ta qoʻlyozma, 856 ta toshbosma kitob va 114 ta ta­rixiy hujjat, jami 1614 manba jamlangan. Ular orasida jismoniy shaxslardan xarid qilingan va hadya etilgan nodir asarlar mav­jud. Turkiya va Buyuk Britaniya manbalaridan olib kelingan 50 ga yaqin elektron qoʻlyozma nusxalari ham markaz fondini boyitmoqda.

Shuningdek, Imom Buxoriy asarlari­ning 41 davlatdagi 256 fondda saqlanayotgan 3300 ta nodir nusxasi aniqlanib, reestr tuzildi. “Sahihi Buxoriy” qoʻlyozmasining 3161 ta elektron nusxasi jamlandi. 533 ta qoʻlyozmaning kataloglari chop etildi, 503 ta kitobning 173 ming varagʻi raqamlashtiril­di. 678 ta qoʻlyozma annotatsiyasi www.bukhari. uz saytiga joylashtirildi, 392 ta kitob sa­hifasi tozalanib, konservatsiya qilindi.

Yangi Oʻzbekiston davrining yana bir muhim xususiyati jadidlar va qatagʻon qurbonlari nomini tiklash, merosini oʻrganish va xalq xotirasida abadiylashti­rishga boʻlgan yondashuvdir. XIX-XX asrlar tarixiga yangicha nigoh bilan qarash, no­maʼlum sahifalarni ochish va inson qad­rini ulugʻlash masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

1917-yildagi oktyabr toʻntarishidan boshlab SSSR parchalanguniga qadar siyosiy qatagʻon sovet jamiyatining ajralmas tarki­biy qismiga aylandi. Ayniqsa, 1930-1940-yillarda Oʻzbekistonda qattiq tazyiq, nohaq ayblov va jazolar yuz minglab inson taqdi­riga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Ushbu davr ba­misoli kafanga oʻralgandek, oʻrganish uchun yopiq va xatarli mavzu hisoblanardi.

Bugun esa ana shu qora sahifalar ochi­la boshladi. Siyosiy qatagʻon tarixi tadqiq etilib, fojiali oqibatlarini xalqimizga yetkazish, begunoh qurbonlar nomini oqlash, hayoti va faoliyatini chuqur oʻrganish davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

2017-yil 31-avgustda Qatagʻon qurbon­larini yod etish kuni munosabati bilan davlatimiz rahbarining muzeyga tashrifi chogʻida bildirgan taklif va tavsiyalari bu yoʻnalishda yangi bosqichni boshlab berdi. Shu asosda 2017-yil 22-noyabrda Vazirlar Mah­kamasining tegishli qarori qabul qilindi va muzey Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga oʻtkazildi.

Muzey 10 ta boʻlimdan iborat boʻlib, ta­riximizdagi siyosiy qatagʻon davrini va bugungi oʻzgarishlarni toʻlaqonli aks etti­rib kelmoqda. Agar 2017-yilda muzeyda 1000 dan ortiq material mavjud boʻlgan boʻlsa, bugun ularning soni 17 mingdan oshgan. Bu raqam yil sayin ortib bormoqda.

Shu yillar davomida Qoraqalpogʻiston, viloyatlar va Toshkent shahrida ham qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeylari tashkil etildi. Ushbu muzeylar mahalliy darajada­gi qurbonlar hayoti va faoliyatini oʻrganish, xalqqa yetkazish, targʻibot ishlarini sama­rali yoʻlga qoʻyishda muhim oʻrin tutmoqda. Ular asosida kitob-albomlar, monografiya­lar va fundamental tadqiqotlar yaratildi.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 1937-1953-yillar oraligʻida 100 mingdan ziyod yurtdo­shimiz siyosiy qatagʻon qurboniga aylangan. Ulardan 13 ming nafari otib tashlangan, minglab kishilar nohaq qamoqqa olingan, qu­loq qilingan va badargʻa etilgan.

Shuningdek, 1980-yillarda ham minglab fuqarolar soxta “paxta ishi” va “oʻzbek ishi” deb nomlangan kampaniyalar qurboni boʻldi. Respublika boʻylab 40 mingga yaqin kishi tergov qilindi, 5 ming nafari jinoiy ja­vobgarlikka tortildi. Bugungi kunda tarix­chilar, arxivchilar va olimlar ushbu davr ha­qidagi yangi hujjat va maʼlumotlarni faol ravishda toʻplamoqda. Qoraqalpogʻiston, vi­loyatlar va poytaxt boʻyicha tuzilgan “Xotira” kitoblariga 40 mingga yaqin qatagʻon qurboni haqida maʼlumot kiritildi.

Ulugʻ jadid Mahmudxoʻja Behbudiy bir asr muqaddam bunday degan edi: “Maorif yoʻlida ishlatturgʻon muallimlarning bo­shini silangizlar! Maorifga yordam etin­giz! Oʻrtadan nifoqni koʻtaringiz! Tur­kiston bolalarini ilmsiz qoʻymangizlar! Har ish qilsangiz jamiyat ila qilingiz­lar!”.

Bu satrlar bugungi kun uchun ham aniq dastur, yoʻllanma sifatida xizmat qilmoqda. Zero, vatan taraqqiyoti, xalq farovonligi va milliy mustaqillikning poydevori taʼlim va maʼrifat ekani azaldan ravshan haqiqat boʻlib kelgan.

Taraqqiyot strategiyasida buyuk aj­dodlarimizning boy ilmiy merosini chu­qur oʻrganish va keng targʻib etish borasida belgilangan maqsad bugungi maʼnaviy siyo­satimizning ustuvor yoʻnalishidir. Shu maqsadda xalqimizga mansub allomalar asarlarining xalqchil tarjimalari nashr etilmoqda, ilmiy va ommabop risolalar ta­yyorlanmoqda.

Bugun mahallalarda “Ajdodlar mero­si — ibrat va tarbiya maktabi” shiori ostida oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar orqali yoshlarda milliy oʻzlikni anglash, tarixga hurmat va vatanparvarlik tuygʻularini shakllantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

“Temur tuzuklari bilimdoni”, “Jalo­liddin izdoshlari” kabi harbiy-vatanpar­varlik loyihalari orqali ham milliy tari­ximiz, ajdodlarimizdan meros boʻlib qolgan jasorat va fidoyilik anʼanalari yosh avlod ongiga singdirib borilmoqda.

Xalqning maʼnaviy salohiyatini belgilab beruvchi eng muhim mezonlardan biri kitob­xonlik madaniyatidir. Bugungi kunda jadid­lar merosini targʻib etish maqsadida “Ja­didlar”, “Allomalar” ruknlari ostida qator avtobiografik, falsafiy va qomusiy risola­lar nashr etilyapti. Axborot-resurs markazla­ri ushbu asarlar bilan boyitilmoqda. Yoshlar uchun moʻljallangan ana shunday goʻzal nashr­lardan biri “Buyuk allomalar haqida 100 ta fakt” nomli sakkiz tilda chop etilgan kitob­lar majmuasidir. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Fanlar akade­miyasi Tarix instituti va Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Oʻzbekiston tarixi” telekanali hamkorligida tayyorlangan mazkur kitoblar shu kunlarda yurtimizdagi mavjud 10 mingdan ziyod maktabga bepul tarqatilmoq­da. Bu esa maʼrifatparvarlik gʻoyalarining jamiyatda mustahkam oʻrin egallashini taʼ­minlashga xizmat qilmoqda.

Gapning indallosini aytganda, millat taqdiriga befarq boʻlmaslik, taʼlim va tar­biya masalasini eng muhim ustuvor yoʻnalish sifatida belgilash, xalqimizni bilimli va faol fuqarolarga aylantirish bugungi maʼ­naviy siyosatimiz markazida turibdi.

Shuhrat HAYITOV,

filologiya fanlari doktori