Londondagi Qirollik kolleji professori Timoti Spektorning aytishicha, COVID-19ning yangi shtammi bilan kasallanganlarning uchdan ikki qismi bosh ogʻrigʻidan shikoyat qiladi. Koronavirus tashxisi qoʻyilgan bemorlar juda qattiq bosh ogʻrigʻini his etishadi. Buni analgetiklar vositasida bartaraf etib boʻlmaydi. Ogʻriq boshning ikki tomoni boʻylab kuzatiladi hamda bu jarayon uch kundan besh kungacha davom etadi.

Bundan tashqari, britaniyalik olim avj olayotgan koronavirusning hindcha shtammi — “delta” haqida ham toʻxtalib, uning oddiy shamollashga oʻxshab ketishini taʼkidladi. Yaʼni uning asosiy alomatlari — bosh va tomogʻ ogʻrigʻi, tumov, aksirish va yoʻtalish.

Avvalroq koronavirus organizmning turli organlariga taʼsir etishi, biroq tana haroratining koʻtarilgani, hid sezish qobiliyaning pasayishi emas, balki bosh ogʻrigʻi infeksiyaga chalinishning ilk alomati ekani aytilgan edi.