Bosh prokuratura Farg‘onada voyaga yetmagan shaxsning o‘limi bilan bog‘liq holatga rasman izoh berdi

    "Farg‘onada 14 yoshli voyaga yetmagan shaxs joriy yil 17 oktyabr kuni Farg‘ona viloyati IIB muassasasida vafot etganligi haqidagi xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

    Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Tergov mobaynida 2 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi marhum R.Abdusattorovni urib, uning o‘limiga sabab bo‘lgan tan jarohatlari yetkazishgani ma’lum bo‘ldi.

    Mazkur holat guvohlarning ko‘rsatuvlari va boshqa dalillar bilan o‘z isbotini topdi.

    Shu sababli, jinoyat ishi doirasida ushbu 2 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi qamoqqa olindi.

    Bundan tashqari, ichki ishlar xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

    Bosh prokuratura tomonidan mazkur jinoyat ishi tergovi va tekshiruv ustidan nazorat o‘rnatilgan", — deyiladi Bosh prokuratura bayonotida.