Bosh prokuratura: hafta kunlarini juft va toq raqamli avtomobillarga boʻlish masalasi koʻrib chiqiladi

    Yashil sayyora 13 Yanvar 2024 1216

    Bosh prokuratura va vazirlik Toshkentdagi holatni muhokama qildi.

    Bosh prokuratura hamda Ekologiya, atrof-muhitini muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamkorligida mutaxassislar ishtirokida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanishi haqidagi xabarlar va ularga sabab boʻlayotgan holatlarning muhokamasi oʻtkazildi.

    Unda Bosh prokuratura boshqarma boshligʻi Oʻ.Oʻtayev ishtirok etib, Prezidentimiz tashabbuslari bilan mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida 85 mln. tupdan ortiq daraxt ekilganligi, Orol dengizining qurigan tubida 1,8 million gektar maydonda yoki birgina Surxondaryoda qurgʻoqchilikka chidamli 3 mln. tup oʻsimliklardan iborat yashil hududlar barpo etilganligi aytib oʻtildi.

    Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanishi haqidagi maʼlumotlar va ularning sabablariga toʻxtalib, shaharida sunʼiy koʻllar, suv havzalari, yashil qoplamalarning kamayib ketganligi, mintaqada suv tanqisligi sabab choʻllashishning kengayib borayotganligi, avtotransport vositalari, yoqilgʻi energetikasi hamda suvdan tejamkorlik bilan foydalanishda muayyan qonunbuzilish holatlariga chek qoʻyilmayotganligi, atmosferaga meʼyoridan ortiq tashlamalar tashlanayotganligiga urgʻu berdi.

    Yigʻilish yakuni boʻyicha Atmosfera havosini “Avtomobilsiz kun”, hafta kunlarini juft va toq raqamli avtomobillarga boʻlish, jamoat transport vositalaridan foydalanishni kengaytirish, standart minimumini “Yevro-4”ga koʻtarish, sanoatda koʻmir yoqilgʻisidan voz kechish va shu kabi koʻplab takliflarni ishlab chiqish va realizatsiya qilishga kelishildi.

    Maʼlumot oʻrnida, Oʻzbekiston Gidrometeorologiya xizmati agentligi havo ifloslanishini avtomatik usulda monitoring qilishga moʻljallangan zamonaviy HORIBA stansiyalari bilan taʼminlangan boʻlib, havo ifloslanishi boʻyicha rasmiy maʼlumotlarni eʼlon qilib boradi. Havo ifloslanishi boʻyicha maʼlumotlar bilan ishlashda rasmiy manbaalardan foydalangan holda norasmiy manbaalarga tayanmaslik tavsiya etiladi.