Qayd etilishicha, “Haj” tadbirini amalga oshirish faoliyati bilan Oʻzbekiston musulmonlari idorasidan boshqa tashkilotlarning shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. “Umra” tadbirlari esa Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va tegishli litsenziyaga ega yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Hozirda respublika boʻyicha bunday litsenziyaga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlari soni 12 tani tashkil qiladi.
Litsenziyasiz “Umra” tadbirlarini tashkil etish maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.
Xususan, litsenziyalanishi lozim boʻlgan faoliyat bilan litsenziyasiz shugʻullangan shaxslar Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 165-moddasi bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima qoʻllaniladi.
Agar, litsenziyasiz shugʻullanish juda koʻp miqdorda daromad olish bilan bogʻliq boʻlsa, Jinoyat kodeksining 190-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortishga asos boʻladi.
Shuningdek, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunning 52-moddasiga koʻra, litsenziyasiz faoliyat yuritgan yuridik shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari miqdorida moliyaviy jarimalar solinadi.
Shunga qaramasdan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Din ishlari boʻyicha qoʻmita tomonidan oʻtkazilayotgan oʻrganishlarda ayrim yuridik va jismoniy shaxslar litsenziyasiz “Umra” tadbirlarini tashkil etish bilan noqonuniy ravishda shugʻullanib kelayotganligi aniqlanmoqda.
Jumladan, oxirgi besh oyda 26 ta tadbirkorlik subyektlari litsenziyasiz faoliyat yuritganligi uchun javobgarlikka tortildi.
Bundan tashqari, soʻnggi paytlarda ayrim tadbirkorlik subyektlari aldov yoʻli bilan “Haj” va “Umra” ziyoratini tashkil etib berishni vaʼda qilib, fuqarolarni Saudiya Arabistoniga olib boryapti va tadbirlarni tashkil etmay, ziyoratchilarni sarson qilib, ularning xavfsizligini xavf ostida qoldirmoqda.
Bugunga qadar shunday jinoiy qilmishlarni sodir qilgan 40 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan boʻlib, ular hozirda tergov oldida javob bermoqda.
"Fuqarolardan “Umra” ziyoratlarini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga murojaat qilishlarini soʻraymiz.
Shu oʻrinda, keng jamoatchilikni “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etishda qonuniylikni taʼminlashda hamkorlikka chaqiramiz.
Bunda, “Haj” va “Umra” tadbirlarini noqonuniy tashkil etish holatlariga guvoh boʻlgan taqdiringizda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Din ishlari boʻyicha qoʻmitaga xabar berishingizni soʻraymiz", — deyiladi bayonotda.