Kurash — xalqaro sport turi! Bu soʻz zamirida qanchadan-qancha mehnat, mashshaqat hamda uzoq tariximiz mavjud. Ushbu sport turi oʻzbek xalqi bilan birga tugʻilib, u bilan birga yashab kelmoqda desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Kurashni olimpiada oʻyinlariga kiritish oliy maqsadimiz va vazifamizdir. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 4881-sonli qarori ayni mudaoo boʻldi.
Qaror ijrosini taʼminlash hamda kurashni umumxalq sportiga aylantirish maqsadida oʻtkazilgan qator tadbirlar jumladan 24,27-dekabr kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Prokuratura polvoni” hamda “Oʻzbek polvoni” musobaqalari — Oʻzbekiston polvonlar yurti ekanligi, polvonlik kasb, soha, yosh tanlamasligini yana bir bor isbotlagan boʻlsa, “Bosh prokuror kubogi” musobaqasi esa viloyat terma jamoalarining kuch va imkoniyatlarini yana bir bor namoyon qildi.
“Bosh prokuror kubogi” musobaqa oldidan xududiy kurash federatsiyalari ijrochi direktorlari ishtirokida seminar oʻtkazildi. Seminarni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad qaror ijrosi yuzasidan viloyatlarda amalga oshirilayotgan ishlar, muammolar va amalga oshirilishi zarur boʻlgan rejalar toʻgʻrisida maslahatlashib olish boʻldi.
Barchamizga maʼlumki, hozirda Respublikamizning barcha viloyatlarida kurash federatsiyalari faoliyat olib bormoqda. Ammo barcha federatsiyalar ham moddiy texnik bazaga egami? Kurashimizni har bir oilaga olib kirish orqali umumxalq sport turiga aylantirish boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Viloyat rahbarlarini kurash sportiga eʼtibori qanday? Bu kabi dolzarb savollar muxokamasi seminar ishtirokchilari eʼtiborini tortdi va mutasaddilar masʼuliyatini yana bir bor yodga soldi.
“Bosh prokuror kubogi” musobaqasi tom maʼnoda kurash bayramiga aylanib ketdi. Musobaqada erkaklar: 66 kg, 73 kg, 81 kg, 90 kg, +90 kg; ayollar: 57 kg, 70 kg vazn toifasida oʻzaro bellashdilar.
Musobaqa jamoaviy tarzda oʻtkazilib, eng kuchli jamoalar shohsupa sari yoʻl oldi. Bellashuvni ochilish marosimida Kurash federatsiyasi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.T.Yoʻldoshevlar ishtirok etishdi va Prezidentimiz tomonlaridan qabul qilingan yuqoridagi qarorni joylardagi ijrosini taʼminlash va oʻrganib chiqish zarurligi va kelgusida amalga oshirilishi kutilayotgan ishlar yuzasidan toʻhtalib oʻtishdi.
Murosasiz bellashuvlarga boy boʻlgan musobaqaning finaliga Samarqand va Buxoro viloyat jamoalari yetib keldi. Bellashuv yakunida esa Samarqandlik polvonlar gʻoliblikni qoʻlga kiritib, “Bosh prokuror kubogi” sohibiga aylandilar.
Taqdirlash marosimida musobaqaning mutloq gʻolib jamoasiga “Bosh prokuror kubogi” ramzi tushirilgan kubok, qimmatbaho sovgʻalar hamda jamoaning har bir aʼzosiga diplom va esdalik sovgʻalari berildi. Shuningdek, kubok egalariga 100 million soʻm, ikkinchi oʻrin Buxoro jamoasiga – 75 million, 3 oʻrinlar Qashqadaryo va Toshkent shahri jamoalariga 50 million pul mukofotlari topshirildi.
Marosim davomida yil davomida tinimsiz izlanishda va mehnatda boʻlgan yigit-qizlar turli nominatsiyalar bilan taqdirlandilar.
2020-yilning eng kuchli kurashchisi deb Muxsin Xisomiddinov topildi. 2020-yilning eng kuchli ayol kurashchisi nominatsiyasida gʻoliblik Kamoliddinova Pokizaga nasib qildi. 2020-yilning eng kuchli murabbiysi sifatida Boʻtayev Komiljon taqdirlandi. Ayol murabbiylar ichidan Sharipova Dilfuza yil murabbiysiga aylandi. 2020-yil hakami yoʻnalishida esa Daniyarov Nokisbay mukofotlandi.