Bosh vazir mamlakatimiz kino ijodkorlari bilan uchrashdi

    Madaniyat 29 Oktabr 2020 1235

    Joriy yil aprel oyida bir guruh kinoijodkorlar sohadagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy yordam soʻrab Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovga murojaat qilgan edi.

    Murojaatda koʻtarilgan masalalarni atroflicha muhokama qilish va bamaslahat hal etish maqsadida Oʻzbekiston Bosh vaziri mamlakatimiz kino mutaxassislari bilan uchrashdi. Bu haqda Bosh vazir Matbuot xizmati xabar berdi.

    “Oʻzbek kinematografiyasi: bugungi kun va istiqbol” mavzusida davra suhbati shaklida oʻtgan ushbu uchrashuvda Bosh vazir Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil avgust oyida Oʻzbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda hukumat oldiga qoʻygan qator vazifalar ijrosi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida qisqacha maʼlumot berdi.

    Tadbirda soʻnggi yillarda milliy kinematografiya rivojiga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan katta eʼtibor natijasida sohada muayyan yutuqlarga erishilgani, mazmun va shakl jihatidan rang-barang kino asarlar yaratilib, ular tomoshabinlar eʼtiborini qozongani qayd etildi.

    Shu bilan birga, sohada oʻz yechimini kutayotgan muammolar ham borligi, yaʼni, muayyan kinostudiyalarning moddiy-texnika bazasi jismoniy va maʼnaviy jihatdan eskirgani, kinofilmlarni moliyalashtirish tizimining bugungi kun talablariga javob bermasligi, kinoteatrlar va malakali kadrlar yetishmasligi, yaratilgan filmlar targʻiboti sust kechayotgani taʼkidlandi.

    Hukumat rahbari kino sanʼati inson saviyasi yuksalishida muhim rol oʻynashini, shuning uchun songa emas sifatga eʼtibor qaratib, gʻoyasi va tarbiyaviy ahamiyati yuqori boʻlgan badiiy film va seriallar yaratish lozimligini bildirdi.

    Shuningdek, jamiyatda xalqimiz, avvalo, yoshlar ongiga milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, ona Vatanga muhabbat tuygʻularini singdirishda katta taʼsir kuchiga ega boʻlgan kino sanʼatining rolini oshirish bugungi kunning talabi ekanini qayd etdi.

    Tadbirda soʻzga chiqqan qator kinoijodkorlar ijodiy faoliyati davomida duch kelayotgan ayrim muammolarni hal etish yuzasidan amaliy yordam soʻrab murojaat qildi.

    Xususan, keyingi vaqtlarda gʻoya va saviya jihatdan sayoz film va seriallar nisbatan koʻpaydi, ularda adabiy til qoidalariga aytarli rioya qilinmayotir, kinoteatrlar sust faoliyat yuritmoqda, dublyaj sanʼati rivojiga eʼtibor yoʻqolgan, multiplikatsion va animatsion filmlar yaratish talab darajasida emas, yaratilgan filmlarning targʻiboti aytarli yoʻlga qoʻyilmagan. Shu singari kamchiliklar soha rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

    Ochiq va samimiy ruhda oʻtgan davra suhbatida bildirilgan takliflarni amalga oshirish, sohadagi baʼzi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish uchun barcha kinoijodkorlar bir yoqadan bosh chiqarib, bamaslahat ishlashi lozimligi qayd etildi.

    Kino sanʼati rivoji yoʻlida bu kabi uchrashuv va davra suhbatlarini tez-tez oʻtkazib turishga kelishib olindi.