Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan “Biznes bilan bevosita muloqot — ishlabilarmonlik muhitini yaxshilashning eng samarali vositasi” mavzusida matbuot anjumani o'tkazildi.
OAV vakillari bilan bo'lib o'tgan uchrashuv Prezidentning tadbirkorlar bilan o'tkazilishi rejalashtirilayotgan ochiq muloqotiga tayyorgarlik doirasida tashkil etilgan Respublika shtabi faoliyati va uning tahlillariga bag'ishlandi.
Shtab rahbari, bosh vazir o'rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov va boshqa mas'ul tashkilotlar vakillari tadbirkorlardan murojaatlarni qabul qilish, tahlil qilish jarayonlarining borishi haqida ma'lumot berdi.
Ta'kidlanishicha, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida tashkil etilgan Shtab ishida Savdo-sanoat palatasi, Biznes ombudsman vakillari va Bosh vazir qabulxonalari kotibiyatlari bevosita ishtirok etadi. Shu bilan birga, shtabga tegishliligi bo'yicha vazirliklar, idoralar, banklar, tarmoq korxonalari jalb qilingan.
— So'nggi 5 yildagi islohotlarning eng asosiy mahsuli O'zbekistonda real tadbirkorlar sinfining shakllangani, degan bo'lardim, — dedi S.Umurzakov. — Prezidentnimizning tadbirkorlar bilan to'g'ridan-to'g'ri muloqoti tariximizda bo'lmagan. Bu orqali ishbilarmonlarga yanada keng yo'l ochish, ularni qo'llab-quvvatlaydigan shaffof tizimni yaratish maqsad qilingan.
Respublika shtabida 24 soat davomida murojaatlar qabul qilinadi. Call-markaz, veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham murojaatlar yo'llanmoqda. Shu kunga qadar shtabga jami 7146 ta murojaat kelib tushgan bo'lib, shundan 5783 tasi individual murojaatlar, 1234 tasi tizimli va boshqa turdagi takliflar xarakteriga ega. Murojaatlar tegishli tashkilotlarga yetkazilib, uzog'i 2-3 kun ichida echimi bo'yicha javob berilishiga oid tezkor tizim yo'lga qo'yilgan. Natijada 1757 ta individual murojaat o'zining ijobiy yechimini topgan. Qolganlari bo'yicha ishlar olib borilyapti. Jarayonda ta'sirchan nazorat tizimi o'rnatilgan.
Shtab doirasida 7 ta ishchi guruh faoliyati yo'lga qo'yilgan bo'lib, ular yo'nalishlarga ajratildi. Har kuni soat 21:00 da yo'nalishlar asosida Shtab rahbariga murojaatlar va tahlillar bo'yicha hisobot beriladi.
Tadbir so'ngida Respublika shtadi rahbari S.Umurzakov tadbirkorlarga Prezident bilan ochiq muloqotga qadar o'zlarini qiynayotgan masalalar bo'yicha hech qanday to'siqlarsiz 11-00 tezkor raqami yoki ijtimoiy tarmoqlardagi manzillar orqali murojaat yo'llash hamda yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga hissa qo'shadigan takliflarini berishda faol bo'lishga chaqirdi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri