Yaponiya tomon Maydzuru shahri (Kioto prefekturasi)  bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak eʼtibor uchun O‘zbekiston tomonga minnatdorchilik bildirdi. Ryodzo Tatamining so‘zlariga ko‘ra, 2019 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tarixiy tashrifi davomida O‘zbekiston-Yaponiya do‘stona aloqalarining har tomonlama rivojlanishiga muhim poydevor qo‘yilgan.

Uchrashuv doirasida sport sohasida hamkorlik haqida alohida so‘z yuritilib, o‘zbek sportchilari uchun mashg‘ulotlar va yig‘ilishlarni tashkil qilishda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Taʼkidlash joizki, Maydzuru shahri maʼmuriyati Yaponiya hukumatining Olimpiadaga tayyorgarlik bo‘yicha «Host Town» dasturi doirasida 12-19 iyul kunlari o‘zbekistonlik dzyudochilar uchun musobaqaoldi  mashg‘ulotlarini yuqori darajada tashkil qildi.

Uchrashuvda 2019 yilda Rishton va Maydzuru shaharlari o‘rtasida imzolangan Hamkorlik memorandumi doirasidagi mintaqalararo hamkorlik aloqalarini faollashtirishga alohida urg‘u berildi. Ayni damda meriya bilan birgalikda respublikamizning Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona va Toshkent kabi hududlarida JICA‘ning 0,3 million dollarlik mablag‘i jalb qilingan holda choy yetishtirish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, 2021 yildan eʼtiboran kadrlarni tayyorlash sohasida ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda. Maydzuru meriyasi tomonidan har yili O‘zbekiston fuqarolari uchun stipendiyalar taqdim etilib, ularning Kioto politexnika kollejida axborot texnologiyalari sohasiga ixtisoslashgan taʼlim jarayoni moliyaviy qoplanadi.

Maydzuru shahri meriyasi shuningdek O‘zbekistondan malakali ishchi kuchini qabul qilishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. r.Tatami Yaponiya aholisining qisqarishi fonida o‘zbek yoshlarining kunchiqar mamlakatga ishga jalb qilinishi juda istiqbolli bo‘lishini taʼkidladi.

Uchrashuv so‘ngida ikki mamlakatning tegishli tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi hamda ushbu yo‘nalishda amaliy hamkorlik boshlashga oid kelishuvga erishildi.

Maʼlumot uchun: Maydzuru shahar meriyasi Olimpiya o‘yinlari doirasida o‘zbekistonlik sportchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 200 kishidan iborat ko‘ngillilar jamoasini hamda “Olg‘a, O‘zbekiston” shiori ostidagi targ‘ibot kampaniyasini shakllantirdi. Shu bilan birga, Yaponiya tomon o‘zbek tilida motivatsion bannerlar tayyorlandi, butun shahar bo‘ylab O‘zbekiston milliy bayrog‘i osildi, jarayonga jalb etilgan xodimlarga o‘zbek tilidagi so‘zlar yozilgan uniformalar tikildi.

Turizm va sport vazirligi Аxborot xizmati