Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan, bugun, 7-mart kuni Vazirlar Mahkamasida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasida erishilgan kelishuvlar ijrosini taʼminlash masalalari muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Bosh vazir raisligida oʻtgan majlisda vazirliklar va idoralar rahbarlari, viloyatlar hokimlari ishtirok etdi.
Tanqidiy ruhda oʻtgan videoselektorda xorijiy davlatlar bilan sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlarning ijrosini soʻzsiz va oʻz vaqtida taʼminlash oʻta muhimligi taʼkidlandi.
Shu maqsadda, Prezidentimizning tegishli qarorlari bilan Ilzat Ablaxatovich Kasimov Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari etib tayinlangani maʼlum qilindi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etish, chet el davlatlari bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash, Osiyo mamlakatlari, ayniqsa, Xitoyning rasmiy va ishbilarmon doiralari bilan oʻtgan uchrashuv va muzokaralarda erishilgan kelishuvlar, hamkorlikda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari ijrosini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlab oʻtildi.