Bosh vazirlar darajasidagi Rossiya va Oʻzbekiston komissiyasi yigʻilishi 22-iyunda boʻlib oʻtadi

    Voqea-hodisalar 14 Iyun 2021 1337

    22-iyunda Moskvada Oʻzbekiston — Rossiya Bosh vazirlari darajasidagi qoʻshma komissiyaning ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasining respublikadagi elchisi Oleg Malginov xabar bergan.

    “Yaqinda, 22-iyunda Moskvada ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha qoʻshma komissiyaning ikkinchi yigʻilishi hukumat rahbarlari darajasida boʻlib oʻtadi”, — dedi Malginov Rossiya kunini nishonlash boʻyicha elchixonadagi oʻtkazilgan qabulida.

    Shuningdek, diplomat yigʻilishning asosiy mavzularidan biri yaqinda kutilayotgan Oliy darajadagi Rossiya — Oʻzbekiston muzokaralariga har tomonlama tayyorgarlik ekanligini taʼkidlagan.

    Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga rasmiy tashrifi 2020-yilga moʻljallangan edi. Lekin pandemiya sabab muddatni oʻzgartirishga toʻgʻri keldi. Keyinroq, matbuot-kotib Sherzod Asadov jurnalistlarga Oʻzbekiston rahbarining Rossiyaga davlat tashrifi 2021-yilda boʻlib oʻtishi haqida xabar bergan.

    Ikki mamlakat hukumat rahbarlari darajasidagi qoʻshma komissiyaning birinchi yigʻilishi 2019-yil may oyida Urganchda boʻlib oʻtgan. Ikkinchi yigʻilish oʻtgan yili boʻlib oʻtishi kerak edi. Lekin COVID pandemiyasi tufayli uning oʻtkazilish muddati bir necha marta oʻzgartirildi, deb xabar beradi Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi ijroiya qoʻmitasi matbuot xizmati.