Boshqalarga havas qilib emas, havas bo'lib yashashimiz kerak

    Bugun O'zbekistonda har bir sohaga e'tibor qaratilib, barcha sohalar rivoji uchun ulkan shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ana shunday harakatlardan biri sifatida xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish,  ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida davlatimiz rahbarining "Vatandoshlar" jamoat fondini tuzish to'g'risidagi qarori e'lon qilindi.

    Fond faoliyatini boshlashi uchun 5 milliard so'm mablag' ajratildi.

    Qaysi mamlakatda bo'lmasin, urf-odatlarimiz, ona tilimizni targ'ib qilish "Vatandoshlar" fondining asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi. Xorijda murakkab hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarni moddiy va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, ularga axborot va huquqiy yordam ko'rsatish, xorijda o'zbek tili, madaniyati va an'analarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni qo'llab-quvvatlash, xorijda istiqomat qilayotgan iqtidorli vatandoshlarimizning respublika OTMlarida ta'lim olishlariga ko'mak ko'rsatish, rivojlangan xorijiy davlatlarda yashab kelayotgan olim va ijodkor vatandoshlarimizning ilmiy, ijodiy izlanishlarini qo'llab-quvvatlash, xorijda vatandoshlar tomonidan tashkil etiladigan nufuzli tadbirlarda mamlakatimizning taniqli yozuvchi va shoirlari, fan arboblari, diniy ulamolari, madaniyat va san'at vakillari, sportchilari ishtirokini ta'minlashda ko'maklashish kabi masalalarning qo'yilishi fond fidoyilari zimmasida ulkan mas'uliyat turganini ko'rsatadi.

    Kezi kelganda, shuni aytish joizki, fond tashkil etilishi zamirida ma'naviyatimizning asl sarchashmalarini yaratib, bashariyatni qoyil qoldirgan buyuk bobolarimiz, allomalarimiz, aziz avliyolarimiz, muhaddis olimlarimiz borligi, ana shu ulug' insonlar yozgan asarlarni targ'ib qilish, butun jahon ommasiga ularni tanishtirish va bizdan buyuk allomalarga munosib izdosh bo'lish ham talab etiladi. Bu bilan O'zbekiston ulug'larga beshik zamin bo'lgani bejiz emasligi ko'rsatiladi. SHu bilan birga, diplomatik aloqalarimiz rivojlanayotgan mamlakatlarda endi O'zbek madaniy markazlari tashkil etiladi.

    Bugun dunyoda 50 milliondan ortiq o'zbek yashar ekan, boshqalarga havas qilib emas, havas bo'lib yashashimiz kerak. CHunki bizning dunyoni lol qoldirgan Amir Temur, Mirzo Ulug'bek, Mirzo Bobur, Mahmud Zamaxshariy, Abu Ali Ibn Sino, Imom Buxoriy, Hakim Termiziy, Imom Moturidiy, Ahmad Farg'oniy, Alisher Navoiy, Imom Termiziy kabi bobolarimiz bor. Bizga dunyo havas qilsa arziydi.

    Mirzohid BOTIROV,

    Andijon davlat tibbiyot instituti prorektori