Bugun Navoiy viloyati Navoiy shahrida Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi hamda viloyat hokimligi bilan hamkorlikda ko'p qavatli uylarni boshqaruvchi tashkilotlar uchun respublika amaliy seminari o'tkazildi. Unda ishtirokchilar eng ilg'or boshqaruvchi kompaniyalar faoliyati bilan tanishib, qo'shimcha servis xizmatlarini tashkil etish imkoniyatlari bilan tanishdilar.

Seminarni Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov ochib berdi. Vazir ko'p qavatli uylarni boshqarish tizimida amalga oshirilgan ishlar, yutuqlar va mavjud muammolarga to'xtalar ekan, aholiga sifatli xizmat ko'rsatish bugungi kun talabi ekanligini alohida ta'kidlab o'tdi.

— Ma'lumki, so'nggi yillarda xalqimizning boshqaruv tashkilotlariga nisbatan ishonchi juda pasaygan, — dedi vazir. — Biz aholining ushbu kayfiyatini o'zgartira olishimiz kerak. Agar bilim va ko'nikmalarimiz, kuchimizni bir maqsad ortida safarbar etsak, o'ylaymanki ko'zlagan maqsadimizga etamiz. Asosiysi, bizning tashabbuslarimiz davlatimiz rahbari tomonidan doim qo'llab–quvvatlanmoqda.

Shuningdek, vazir o'rinbosari Ozoda Jo'rayeva hamda Navoiy viloyati Uy—joy kommunal xizmat ko'rsatish boshqarmasi boshlig'i Nuriddin Jumaniyozovlar viloyatdagi boshqaruv tashkilotlari faoliyati bo'yicha ma'lumot berishdi. Xususan, seminar ishtirokchilari "Humo-Zilola barhayot" boshqaruv servis kompaniyasi hududida bo'lib, u yerda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Ular vazir va boshqa mutasaddilar hamrohligida ko'p kvartirali uylarni saqlash, obodonlashtirish, ko'kalamzorlashtirish, shuningdek,  mavjud  qozonxona, lokal oqova va ichimlik suv inshooti holati bo'yicha ma'lumotlarga ega bo'lishdi.

Qatnashchilar, shuningdek, ko'p kvartirali uylarning yerto'lalaridagi tadbirkorlik faoliyati, xususan, ishlab chiqarish jarayoniga bevosita guvoh bo'ldi. Seminar doirasida tashkil etilgan  turli taqdimot va namoyishlar o'zaro jonli muloqot, tajriba va fikr alashuvi uchun zamin yaratib, amaliy faoliyatni takomillashtirishni ko'zda tutgan.

Ma'lumot uchun, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan, 2021-yilda tajriba tariqasida respublika bo'yicha 15 ta boshqaruvchi tashkilot "ochiq tanlov" yo'li bilan tanlandi va 1 227 ta ko'p qavatli uyni boshqarish uchun tegishli shartnomalar tuzilib, faoliyati yo'lga qo'yildi. O'tgan yil va joriy yilning 1-choragi davomida shirkatlarga biriktirilgan uylar soni 50 foizga qisqartirildi. Natijada, "og'ir toifada"gi shirkatlar soni 750 taga kamaydi.     

Qisqa vaqt ichida boshqaruvchi tashkilotlarning kredit qarzdorligi 43 mlrd so'mdan 22 mlrd so'mga kamaygan.  250 ga yaqin yangi ish o'rinlari yaratilgan va xodimlar ish haqi 2 barobarga oshirilgan.

Shuningdek, boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan aholi murojaatlariga tezkorlik bilan javob berish maqsadida 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi dispetcherlik va avariyaviy holatlarni bartaraf etish xizmatlari yo'lga qo'yilgan.

Ammo boshqaruvchi tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirishda bir qancha muammolar mavjud bo'lib, ularni bartaraf etishda tegishli qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda va quyidagilar nazarda tutilmoqda:

- 2023-yilga qadar "og'ir" toifadagi shirktlar faoliyati tugatilib, ular boshqaruvida bo'lgan ko'p kvartirali uylar boshqaruvchi tashkilotlarga biriktiriladi;

- 2022-yil 1-iyulga qadar respublikadagi boshqaruvchi tashkilotlarga maxsus texnika va asbob-uskunalar sotib olish uchun 210 mlrd so'm miqdorida uch yilga mo'ljallangan imtiyozli kredit mablag'lari ajratiladi;

- boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan olib kiriladigan maxsus texnika va asbob-uskunalar 2025-yil 1-yanvarga qadar bojxona to'lovlaridan ozod etiladi;

- 2022-yil 1-apreldan boshlab kreditlarning asosiy qarzi va ular uchun hisoblangan foizlar, shuningdek, foizlarni hisoblash to'xtatilgan holda uch yilga muzlatiladi;

- maishiy chiqindilar uchun to'lovlarni boshqaruvchi tashkilotlar yig'adi va yig'ilgan mablag'larning 15 foizgacha bo'lgan qismi har oyda rag'batlantirish uchun yo'naltiriladi.

- 2022-yil 1-oktyabrga qadar istisno tariqasida to'g'ridan-to'g'ri shartnomalar tuzish orqali ijtimoiy soha ob'ektlariga kommunal hamda obodonlashtirish xizmatlarini ko'rsatish bo'yicha boshqaruvchi tashkilotlar bilan shartnoma imzolashga ruxsat beriladi va hokazo.

Shu bilan birga, Oliy Majlis Senatiga kiritilgan Qonun loyihasiga ko'ra, boshqaruvchi tashkilotlarni kommunal xizmat ko'rsatishda yer, mol-mulk va daromad soliqlaridan ozod etiladi.