Oʻzbek va boshqird xalqlarining oʻtmishi va buguni mustahkam aloqalar bilan uzviy bogʻliq. Tarixning turli bosqichlarida barcha sohalardagi hamkorlikning minglab namunalari mavjud. Bu yil A.Z.Validiy nomli Toshkent shahar boshqird jamoat-madaniy markazi tashkil etilganiga 30 yil toʻldi. Ushbu voqeilik bugungi kunda keng nishonlanmoqda.

Joriy yilning 16-18-may kunlari Mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish, Oʻzbekiston va Boshqirdiston xalqlari oʻrtasidagi doʻstona va yaqin rishtalarni mustahkamlash maqsadida A.Z.Validiy nomli Toshkent shahar boshqird jamoat-madaniy markazi tashkil etilganining 30 yilligini nishonlashga bagʻishlangan bayram tadbirlari oʻtkazilishi belgilandi.

Qayd etish joiz, A.Z.Validiy nomli Toshkent shahar boshqird jamoat-madaniy markazi faoliyati boshqird xalqining madaniy merosi, anʼanalari, urf-odatlari va ona tilini yanada rivojlantirish va asrab-avaylash, boshqa milliy madaniy markazlar bilan hamkorlik qilish, millatlararo totuvlik, tinchlik va doʻstlik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan.

A.Z.Validiy nomli Toshkent shahar boshqird jamoat-madaniy markazi tashkil topgan kundan boshlab oʻtgan 30 yil ichida boshqa milliy madaniy markazlar orasida oʻz oʻrnini topdi, mustahkamladi va nufuzli jamoat tashkilotiga aylandi.

Ishlab chiqilgan yubiley dasturining birinchi kuni doirasida. Poytaxtimizdagi Xalqlar doʻstligi maydonida Ikkinchi jahon urushi yillarida turli millatlardan boʻlgan 15 nafar yetim bolalarga boshpana bergan Shomaxmudovlar oilasi monumenti poyiga gulchambar qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi. Yodgorlik xalqimizga xos doʻstlik, oliyjanoblik va bagʻrikenglik timsoli.

Tadbirda Qoʻmita mutasaddi xodimlari, Milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari vakillari, shahar axli va yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

A.Z Validiy nomidagi Toshkent shahar boshqird ijtimoiy-madaniy markazi raisi Rinat Gulyayev:

— “Oʻzbekistonda katta boshqird diasporasi yashaydi. Madaniyat markazlari respublika hududlarida yashovchi boshqirdlarni birlashtiradi. Ularning barchasi boshqird xalqining madaniyati, tili, urf-odatlarini saqlash borasida faoliyat olib borishadi. Bu yil biz 30 yillik yubileyimizni nishonlayapmiz. Uch kunga moʻljallangan katta dasturimiz bor. Marosim gul qoʻyish marosimi bilan boshlanadi. Keyin bizda boshqird raqsi xoreografiyasi boʻyicha mahorat darslari boʻladi. Bizga Boshqirdistondan juda katta delegatsiya tashrif buyurdi: milliy xalq raqs ansambli, 60 ga yaqin artistlardan iborat katta milliy filarmoniya guruhi. Turkiston saroyida boshqird xalq amaliy sanʼatiga bagʻishlangan koʻrgazma boʻladi. Koʻrgazmadan soʻng soat 19:00da mazkur ijodiy jamoalar ishtirokida katta gala-konsert boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Shuningdek, “Oʻzbekiston boshqirdlari – oʻtmish va bugun” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkaziladi. Unda boshqirdlarning Oʻzbekistonga kelishi, koʻchib kelish davrlari haqida soʻz yuritiladi. Bu yerda istiqomat qiluvchi boshqird diasporasi bilan uchrashish istagini bildirgan Boshqirdiston Respublikasi rahbari bilan ham uchrashuv rejalashtirilgan. Bu yigʻilishga viloyatlardan vakillar, boshqird markazlari faollari taklif qilingan”.

Milliy madaniy markazlar va doʻstlik jamiyatlari vakillari yurtimizda xukm surayotgan millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni koʻz qorachigʻidek asrab avaylash kerakligi hususida fikr bildirishdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Millatlararo munosabatlar va xorijiy

mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi