Mazkur holat yuzasidan poytaxt IIBB maʼlumot berdi.

Ыayd etilishicha, 2025-yilning 21-dekabr kuni taxminan soat 21.20 da 2004-yilda tugʻilgan S.Q. Mirobod tumani Amir Temur koʻchasidagi yer osti yoʻlidan oʻtayotgan vaqtida nomaʼlum shaxs 500 AQSH dollariga teng boʻlgan telefon apparatini kuch bilan tortib olib, voqea joyidan qochib yashiringan.

Koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida nomaʼlum shaxsning shaxsi aniqlanib, u 1999-yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan (Jinoyat kodeksining 169-moddasi (“Oʻgʻrilik”) bilan) Madumarov Otabek Oxunjon oʻgʻli ekani maʼlum boʻldi va tezkor qidiruv xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi (“Bosqinchilik”) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. O.Madumarovga nisbatan “Qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qoʻllangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

“Hurmatli fuqarolar, agar Siz ushbu shaxsdan jabr koʻrgan boʻlsangiz Toshkent shahar IIBBning 71-206-42-54 raqamiga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishingizni soʻraymiz”, — deyiladi xabarda.