Savdo markazi ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda mazkur majmua aholiga qulay va maqbul savdo xizmatlarini yoʻlga qoʻyishi, qolaversa, hududning tadbirkorlik salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Ochilish marosimi ishtirokchilari savdo markazida yaratilgan shart-sharoit va qulayliklar, mahsulotlar turlari, narxi va sifati bilan yaqindan tanishdi.

Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, bu soha vakillariga qulay imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratish, ularning tashabbuslarini ragʻbatlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini vujudga keltirish borasida olib borilgan keng koʻlamli kompleks chora-tadbirlar natijasida tadbirkorlik iqtisodiyotimizning lokomotivi, davlat va jamiyatning iqtisodiy tayanchi sifatida qaror topmoqda.

Ushbu doʻkonda 10 ming turdan ortiq mahsulotlar savdoga qoʻyilishi xalqimizning maishiy texnika va boshqa uy-roʻzgʻor buyumlariga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qondirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Eʼtiborli jihati shundaki, bunday mahsulotlar nisbatan arzon narxlarda, 30 foizli chegirma bilan, foizlarsiz xaridorlarga taqdim etiladi.

Minajatdin QUTLIMURATOV,

Yangi Oʻzbekiston muxbiri