Boʻstonda davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi

    Mamlakatimizda 24 Sentabr 2020 1723

    Yurtimizda tashkil etilgan Davlat xizmatlari markazlari turli tashkilot va idoralarning binolarida joylashganligi sababli aholiga koʻplab noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Shu sabab davlatimiz rahbarining Davlat xizmatlari markazlari binolarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilishini tashkil etish yuzasidan qarori qabul qilingan boʻlib, ayni paytda ushbu hujjat ijrosi asosida hududlarda markazlarni qurish ishlari olib borilmoqda.

    Boʻston tuman Davlat xizmatlari markazi kunlik oʻrtacha 100-150 nafar fuqaroga davlat xizmatlari koʻrsatib keladi. Markazning eski binosi tuman Xalq qabulxonasining ikkinchi qavatida joylashganligi sababli koʻzda tutilgan standartlarga javob bera olmas, koʻplab noqulayliklar tugʻdirardi. Bu esa tabiiyki, turli norizoliklarning kelib chiqishi sababchi boʻlardi.

    Shuning uchun karantin davrida boʻlsa ham mijozlarning sifatli xizmat olishlariga koʻmaklashish maqsadida ayni kunlarda zamonaviy koʻrinishga ega boʻlgan yangi markazlar qurib bitkazilib, foydalanishga topshirilmoqda.

    24-sentyabr kuni Andijon viloyatining Boʻston tumani Davlat xizmatlari markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

    – Odamlarning koʻnglini olish, ularni rozi qilish juda qiyin ish, - Boʻston tumani Davlat xizmatlari markazi rahbari Ulugʻbek Ermatov.- Ularning ishini tez va oson hal qilib bermang, ishlayotgan binoyingizda sharoit boʻlmas baribir norozi boʻlishi aniq. Bunday deyishimning boisi avvalgi eski binomizga kelgan keksalarimiz, imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz ikkinchi qavatga chiqishga qiynalishardi. Haqiqatdan belgilangan talablarga javob bermasdi. Aholiga qulaylik yaratish, davlat xizmatlari koʻrsatish sifatini yaxshilash maqsadida tuman hokimligi tomonidan foydalanilmasdan, nurab yotgan bino oʻrnida butunlay yangicha qiyofadagi markaz binosi qad rostladi. Endi aholiga sifatli, tezkor, qulay va shaffof davlat xizmatlari koʻrsatish imkoniga ega boʻldik.

    Oʻziga xos, zamonaviy koʻrinishga, barcha sharoitlarga ega Markaz zarur texnik jihoz va vositalar bilan taʼminlangan boʻlib, bu yerda jismoniy va yuridik shaxslarga 140 dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatiladi. Markazda bir vaqtning oʻzida 10 nafar, bir kunda 200 nafar fuqaroga xizmat koʻrsatish imkoniyati mavjud. Zamonaviy tarzda jihozlangan keng va yorugʻ xonalar, kutish zallari, bolalar maydonchasi, investorlar xonasi mijozlarning xizmatlar bilan bogʻliq har qanday ogʻirini yengil qiladi.

    Markazda elektron navbat tizimi joriy etildi. Tashrif buyuruvchilar elektron galagramma orqali markaz faoliyati haqida zarur barcha maʼlumotlarni olishlari mumkin. Mavjud monitorlar orqali esa davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi yangiliklar, davlat xizmatlari olish tartiblari toʻgʻrisidagi roliklar muntazam namoyish etib boriladi.

    Shuningdek, Qulay kutish zali, xorijiy va mahalliy investorlar uchun alohida xonalar, kutubxona, bolalar maydonchasining mavjudligi Markazga keluvchilarning vaqtini mazmunli oʻtishiga xizmat qiladi.

    Maʼlumot uchun: Ayni vaqtda Boʻston tumanida 174 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Tuman iqtisodiyoti qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, tadbirkorlik, ishlab chiqarish, oziq-ovqat, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalariga ixtisoslashgan. Boʻstonning oʻzida ayni kunlarda mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatadi. Shu boisdan davlat xizmatlari olishga boʻlgan talab tumanda birmuncha yuqori. Tuman Davlat xizmatlari markazi orqali aholi va tadbirkorlik subyektlariga 2020-yilning shu davriga nisbatan jami 10 mingga yaqin davlat xizmatlari koʻrsatildi. Yaqin kunlarda ushbu yangi binoda aholiga xizmat koʻrsatish sifati yana-da ortib, bu koʻrsatgichlar soni ikki barobarga oshishi koʻzda tutilgan.

    Ochilish marosimidan soʻng yigʻilganlar markazda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

    Umidjon Mamarasulov,

    Davlat xizmatlari agentligi Andijon

    viloyati boshqarmasi axborot xizmati rahbari