Sessiyani Bosh vazir o'rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi Aziz Abduhakimov ochib berdi.
“O'zbekiston Prezidentining “Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmon bilan tumanning o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda hamda respublika muvofiqlashtiruvidagi tuman hokimligining alohida ma'muriy-boshqaruv tizimi joriy qilindi. Davlatimiz rahbari tomonidan Bo'stonliq tumaniga qaratilayotgan alohida e'tibor va imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yangi bosqichga olib chiqish uchun barchamiz sidqidildan mehnat qilishimiz talab etiladi”, - dedi Aziz Abduhakimov.
Tadbirda shuningdek Respublika bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat soliq qo'mitasi mas'ullari, viloyat sektori rahbarlari, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputatlari, tuman Kengashiga saylangan deputatlar, tuman hokimining o'rinbosarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan o'tkazilgan muzokaralar yakuniga ko'ra, Ahmedov Jo'rabek Ilhomovich Bo'stonliq tumani hokimi etib tayinlandi.
Ma'lumot uchun: Jo'rabek Axmedov 1983 yil Buxoro viloyati Vobkent tumanida tug'ilgan. Toshkent arxitektura va qurilish institutini tamomlagan. U bugunga qadar O'zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'malashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitasi Davlat mulkidan samarali foydalanish bosh boshqarmasi boshlig'i, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining davlat aktivlarini tasarruf etish va majburiyatlarni monitoring qilish departamenti boshlig'i, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi Investitsiyalarni jalb qilish va turizm infrastrukturasini rivojlantirish departamenti boshlig'i lavozimlarida faoliyat yuritgan.
SHuningdek, Saidov O'ktam Abdullaevich – Bo'stonliq tumani prokurori, SHermuhammedov SHerzod Abdullaevich – tuman ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i va Zokirov Zarifjon No''monovich – tuman soliq inspektsiyasi boshlig'i etib tayinlandi.