Ushbu qisqa muddatda barpo etilgan zamonaviy mehmonxona majmuasining umumiy qiymati 50 milliard soʻm boʻlib, shundan 32 milliard soʻmi 1-bosqichda oʻzlashtirilgan. Majmua ikki restoran, jahon standartlariga mos keluvchi SPA hamda suv havzasi kabini oʻz ichiga olgan. Bu esa 100 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishiga imkon ham yaratgan.
—Mehmonxonamizning Oqtosh hududida joylashganligi bu yerga keluvchi mehmonlarning salomatligi uchun foydalidir, — dedi Turon Resort SPA” bosh direktori Saidazim Yunusxodjayev. — Nafas yoʻllari bilan bogʻliq kasalliklar hamda allergiya bilan bogʻliq holatlarda Oqtosh havosi maʼqul keladi. Mehmonxonada sayyohlarga yilning barcha mavsumlarida xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Ayni damda loyihamizning birinchi bosqichi yakunlanib, ikkinchi bosqichni boshlashga doir ishlar olib borilmoqda. Ikkinchi bosqichda mehmonxona oʻrinlari yana-da kengaytiriladi va qoʻshimcha yerlarda villalar barpo etiladi”.
Shunisi diqqatga sazovorki, hududda shifobaxsh giyohlar yetishtirilib, ulardan turli malhamlar tayyorlanadi hamda mehmonlar salomatligini tiklash uchun taqdim etiladi.
Maʼlumot uchun, bu yil Toshkent viloyatida 1 trillion 980 milliard 600 million soʻmga teng 2 213 ta ijtimoiy soha obyektlarida qurilish va montaj ishlari rejalashtirilgan boʻlib, yetti oy davomida 2 211 ta manzilda 1 trillion 232 milliard 900 million soʻmlik pudrat ishlari bajarilgan, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.