Boʻstonliqda noyob kiyik turlari koʻpaytirilyapti

    Voqea-hodisalar 10 Iyul 2020 11704

    2020-yil oxiriga qadar ularni sayyohlar ham tomosha qilishi mumkin boʻladi.

    Jahon sayyohlik tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi oʻn yillikda dunyo sayyohlarida tabiiy yoki ekoturizmga qiziqish ortib bormoqda. Ekologik muhitda jonli tabiatni tomosha qilish ishtiyoqi koʻpchilikka oʻzgacha zavq beradi. Ayniqsa, yon-atrofda noyob jonzotlarning kezib yurishi ekzotik sayohat ishqibozlarida unutilmas taassurot qoldiradi.

    Yurtimizda ham jonli tabiati, musaffo havosi, bir-biridan goʻzal manzaralari bilan sayyohlarni oʻziga tortadigan maskanlar bisyor. Ularda ekoturizmni rivojlantirish, sayyohlarning dam olishi uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Turizmni rivojlantirish istagidagi tadbirkorlarga keng imkoniyat va imtiyozlar berilyapti.

    Ana shunday imkoniyatlardan foydalangan “Corrida Food” oilaviy korxonasi tomonidan Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanining dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan Qoronkoʻl qish­logʻi hududida kichik turizm zonasi tashkil etildi. Hozir 176 gektar maydonda Sloveniya va Avstriyadan olib kelingan noyob kiyik turlari — 50 ta asl bugʻu va 45 ta Yevropa kiyigi koʻpaytirilmoqda.

    Boʻstonliq, asosan, turizm hududi boʻlib, bu yerda sayyohlar uchun mehmon uylari, dam olish maskanlari tizimini yaratishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Shu bois, tadbirkorning hududda kiyikchilikni rivojlantirish tashabbusi tuman hokimligi tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, 2 yil oldin zaxirada turgan 176 gektar yer maydoni ajratildi. Kiyiklarni olib kelishdan avval yerlar tekislanib, ularda jonivorlarni boqish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Tadbirkorning katta kuch va mehnati bilan bu yerlar chinakam ekohududga aylantirildi.

    — Kiyiklarni koʻpaytirish uchun mos hudud tanlash jarayoni ancha uzoq davom etdi, — deydi “Agroekotur” rahbari Baxtiyor Hojimatov. — Germaniya, Ispaniyadan jalb qilingan mutaxassislar bilan birgalikda bir yil davomida Toshkent, Namangan, Jizzax viloyatlaridagi bir qancha hududlarning iqlim muhiti, yer xususiyatlari laboratoriya sharoitida oʻrganildi. Nihoyat Boʻstonliq tumanidagi mana shu hudud sharoiti mutaxassislarga maʼqul keldi. Bu yerlarning balandligi ham kiyiklarga mos keladi. Boisi, ushbu jonivorlarning qiyinchiliksiz yashab ketishi uchun balandlik 1200 metrdan past boʻlmasligi kerak.

    Barcha sharoitlar muhayyo qilingach, navbat xorijdan noyob turdagi kiyiklarni olib kelishga yetdi. Buning uchun tadbirkorga Jahon banki kredit liniyasi asosida “Aloqabank” tomonidan 7 yil muddatga 780 ming AQSH dollari ajratildi.

    “Agroekotur” rahbarining aytishicha, mazkur Yevropa kiyiklari avval Ozarbayjonda boqilib, bizning iqlimga moslashtirilganidan soʻng shu yilning yanvar oyida respublikamizga olib kelindi.

    Bugun jahon bozorida, ayniqsa, kiyik shoxlariga talab katta. Undan yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda qoʻllaniladigan turli dori vositalari tayyorlashda keng foydalaniladi.

    Hozir ekologik hududda kiyiklar soni koʻpaymoqda. Ular har 12 oyda 1 nafardan bolalaydi. Hudud rahbari kiyiklarni yana-da koʻpaytirib, kelgusida ularning shoxini talab yuqori boʻlgan chet davlatlarga eksport qilishni rejalashtirgan. Hududda kiyiklar parvarishi uchun alohida sharoit yaratilgan. Yer maydonining 98 kilometri Avstraliyadan olib kelingan maxsus toʻsiqlar bilan oʻralgan boʻlib, jarayon yana davom ettirilyapti. Kiyiklar, asosan, hududda oʻsadigan giyoh oʻtlar hamda suli, olma mahsulotlari bilan oziqlanadi. Mutaxassislarning aytishicha, bu yerning shifobaxsh oʻtlari jonivorlarning sogʻlom rivojlanishi uchun juda foydalidir.

    Noyob kiyiklarni koʻpaytirishga moʻljallangan bu hudud hozir Markaziy Osiyo­da yagona hisoblanadi. Bu yerda nafaqat kiyik, balki lama, apaki, poni, tustovuq, qirgʻovul kabi hayvon va qush turlarini ham olib kelib koʻpaytirish va hududni sayyohlar uchun oʻziga xos ekozonaga aylantirish rejalashtirilgan. Tez orada sayyohlarning maroqli hordiq chiqarishlari uchun qulay sharoit yaratilib, hudud turizmga moslashtiriladi.

    Ayni paytda kottejlar, dam olish mas­kanlari qurish ishlari boshlangan. 2020-yilning soʻngiga qadar istagan kishi ushbu maskanga kelib, noyob kiyik turlari va boshqa gʻaroyib jonivorlarni oʻz koʻzlari bilan koʻrish imkoniga ega boʻladi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri