Ushbu ekologik hasharning maqsadi, joriy yilning 29-30-iyun kunlari Yoshlar va talabalar forumi doirasida oʻtkazilgan “Yashil tashabbus” aksiyasining uzviy davomi sifatida eʼtirof etish zarur. Shuningdek aholi ongiga atrof-muhitga boʻlgan eʼtiborni oshirish, yosh avlodning ekologik va estetik madaniyatini yuksaltirishdan iborat hisoblanadi.
Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi vakillari, Toshkent shahar “Maxsustrans” davlat ishlab chiqarish boshqarmasi, Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashi deputatlari, Yoshlar qanoti yetakchilari va aʼzolari, Toshkent shahar Botanika bogʻiga tashrif buyurgan mehmonlar hamda OAV vakillari faol ishtirok etdi, deya xabar beradi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi.
Barchamizga maʼlumki, Yoshlar va talabalar forumini tashkil etishda asosiy tashkilotchilar Oʻzbekiston Ekologik partiyasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Davlat Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi hamda “Maxsustrans” DUK hamkorligida tashkil etilgan hisoblanadi.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, bogʻ rahbariyati tomonidan rasman 2021-yilning 1-iyun sanasidan boshlab Toshkent botanika bogʻi tashrif buyuruvchilar uchun “xavfsiz hudud” deb eʼlon qilindi.
Shuningdek, 29-30-iyun kunlari boʻlib oʻtgan Yoshlar va talabalar forumida ishtirok etgan yoshlar forum oʻtkazilgandan soʻng bogʻ hududida katta ekologik hashar tashkil etish borasida tashabbus bildirishdi.
Erta tongdan, Toshkent shahar Botanika bogʻi hududida tashkil etilgan ekologik hasharni ochib berish uchun Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari S.Sanginov soʻzga chiqdi va hashar qatnashchilarini birdamlikka chorladi. Hasharda ishtirok etgan yoshlar va fidoiy insonlar tomonidan bogʻ hududi tozalandi. Shuningdek bogʻga tashrif buyurgan mehmonlarga, oʻzlarining madaniy hordiq chiqarish vaqtida bogʻ hududiga turli xil chiqindilar tashlanmasligi kerakligi va shuningdek butun aholiga ham atrof-muhit musaffoligiga befarq boʻlmasligi lozimligi yana bir bor taʼkidlab oʻtildi.
Ekologik hashar yakunida fidoiylik bilan mehnat qilgan Oʻzbekiston Ekologik partiyasi, “Maxsustrans” boshqarmasi hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi vakillariga Botanika bogʻi jamoasi tomonidan minnatdorchilik bildirildi..
Ayni damda atrof-muhit tozaligi aholi salomatligi uchun juda muhim omillardan biri hisoblanadi. Shu sababli jamiyatimizdagi barcha fuqarolar birgalikda tozalikka javobgarlik masʼuliyatini his qilishimiz kerak.