— Jamoat transportida tibbiy qoʻlqopdan foydalanishda fuqarolar birinchi navbatda oʻzini himoya qiladi, ikkinchidan, yon-atrofdagilarni, boshqalarni kasallik yuqishidan muhofazalaydi, — dedi u. — Kasallikning yuqish omili sifatida yuqori nafas yoʻllari, havo-tomchi yoʻllari bilan birgalikda maishiy muloqot yoʻllari qayd etiladi. Maishiy muloqot — qoʻl bilan ogʻiz-burun, koʻzning shilliq qavatiga teginish orqali virus yuqtirish.
Qoʻlqop taqqan shaxs oʻzining yuz qismiga qoʻl tekkizmasligi, ogʻiz-burun yoki koʻzini ishqalamasligi, qolaversa, kasallikning “ochiq darvozalari”dan oʻzini asrashi ehtimoli yuqori.
Taqilgan qoʻlqoplarni koʻchalarga tashlab ketish holatlari hozirda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Fursatdan foydalanib, barchani ogohlantirmoqchiman — davlat koʻrsatayotgan gʻamxoʻrlikdan toʻgʻri foydalanishimiz kerak.
Davlat tomonidan tekinga tarqatilayotgan qoʻlqoplarni (narxi 56 soʻm boʻladimi yo 300 soʻm yo 500 soʻm boʻladimi) qadrlashimiz va undan maqsadli foydalanishimiz zarur.
Chunki ushbu qoʻlqopdan foydalangan holda qoʻlimizdagi sumkani qoʻymay uyimizgacha borishimiz, eshik tutqichlarini va boshqa narsalarni qoʻlqop bilan ushlagan holda uyimizga kirishimiz, uy ichiga kirgandan keyin qoʻlqopni yechib, chelak yo chiqindi qutisiga tashlashimiz foydadan xoli emas.